AsosiyJamiyat

"O`zbekenergo": Mamlakatimizda 1,8 milliard kVt.soat elektrni tejash mumkin

'"O`zbekenergo": Mamlakatimizda 1,8 milliard kVt.soat elektrni tejash mumkin'ning rasmi

Xalqaro energetika agentligining ma`lumotiga ko`ra, hozirda jahonda 1,3 milliardga yaqin aholi elektr energiya bilan ta`minlanmagan. 2,6 milliard odam ovqat tayyorlash uchun an`anaviy yoqilg`i – o`tin, ko`mir va boshqalardan foydalanadi. 2035 yilga borib jahonda energiyaga bo`lgan talab yana 35 foizga oshishi tahmin qilinmoqda. Bu haqda «2018 yilda iste`molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta`minlash borasidagi faoliyat: erishilgan natijalar va istiqboldagi ustuvor vozifalar» mavzusidagi matbuot anjumanida ma`lum qilindi.

— Elektr energiya ishlab chiqarishni qanchalik oshirmaylik, agar uning sarfini tartibga solmas ekanmiz, yildan yilga ortib borayotgan talabni qondirish juda mushkul, — deydi «O`zbekenergo» AJ boshqaruvi raisi Ulug`bek Mustafoev. – Misol uchun, bugun aholi har bir xonadonda kamida bitta televizor, kir yuvish mashinasi, changyutgich, kondisioner kabi maishiy texnikalar bor. Ba`zida ulardan foydalanib bo`lgach, tokdan uzib qo`yilmaydi. Garchi, ular o`chirilgan bo`lsa-da, tok liniyasiga ulangan holda tursa, elektr energiya iste`mol qilaveradi. Birgina oddiy telefon quvvatlagichini olaylik. U tokka ulangan holda kunu tun qolsa, o`rtacha bir oyda 1,5 kVt.soat, yiliga 18 kVt.soat energiya sarflaydi. Shu bois mamlakatimizda ham xonadonlarda, ishlab chiqarish sanoatida va boshqa turli tarmoqlarda elektr energiya tejamkorligini ta`minlash ustuvor vazifa bo`lib qolmoqda.

Anjumanda ta`kidlanishicha, hozirda yurtimizdagi har bir xonadonda bir yilda o`rtacha 400 kVt.soatgacha elektr energiyasini tejash imkoniyati bor. Bu ko`rsatkich respublika bo`yicha 1,8 milliard kVt. soatga aylanadi. Ushbu tejalgan energiya bilan aholisi o`rtacha bo`lgan bir viloyatni bir yil mobaynida uzluksiz elektr energiya bilan ta`minlash mumkin.

— Elektr energiyani tejash orqali ekologik barqarorlikka ham munosib ulush qo`shish mumkin. Misol uchun, 1 kVt.soat elektr ishlab chiqarish jarayonida atmosferaga 0,6 kilogramm ko`mir chiqindisi, 0,12 metr kub is gazi chiqadi, – deya qo`shimcha qiladi Mustafoev. — Demak, har bir iste`molchi xonadonida elektr energiyadan oqilona foydalansa, ham tabiiy ne`matlarni tejashga, ham atrof-muhit musaffoligiga o`z ulushini qo`shgan bo`ladi. Shuningdek, iste`molchini ortiqcha mablag` sarflashdan ham asraydi. Iqtisod qilingan mablag` jamg`arib borilsa, ro`zg`orning qancha kam-ko`stini to`ldirish mumkin.

    Boshqa yangiliklar