AsosiyJamiyat

70 million so`mdan ortiq mablag`ni o`zlashtirgan mansabdorlar jazolanadi

'70 million so`mdan ortiq mablag`ni o`zlashtirgan mansabdorlar jazolanadi'ning rasmi

Mamlakatimizda sug`oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg`armasi mablag`laridan samarali foydalanish, meliorasiya va boshqa suv xo`jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan pudrat tashkilotlarini rivojlantirish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va raqobatbardoshligini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Meliorasiya va boshqa suv xo`jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan davlat unitar korxonalarini tashkil etish hamda ularning faoliyatini yo`lga qo`yish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo`lib xizmat qilmoqda.

Mazkur hujjat asosida Qoraqalpog`iston Respublikasi va viloyatlarda meliorasiya va boshqa suv xo`jaligi ishlarini bajarishga ixtisoslashtirilgan 49 ta davlat unitar korxonalari tashkil etilgan. Davlat unitar korxonalariga ularning muassislari tomonidan 378 dona ekskavator, 69 dona buldozerlar, 58 dona yopiq-yotiq zovur-drenaj tarmoqlarini yuvuvchi agregatlar, 57 dona traylerlar va boshqa mashina va mexanizmlar ajratib berilgan.

Davlat unitar korxonalari tomonidan o`tgan yillar mobaynida muayyan ishlar amalga oshirilgan. Biroq, mazkur korxonalar tomonidan amalga oshirilgan ishlar hajmini oshirib ko`rsatish, qo`shib yozish orqali davlat byudjeti mablag`larini o`zlashtirish holatlari ham uchramoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta`minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan “AAA” DUKda o`tkazilgan tekshirishda pudratchi mansabdor shaxslari tomonidan byudjet mablag`lari talon-taroj qilingani aniqlangan.

2017 yil fevral-dekabr oylarida Paxtakor tumanidagi 6 ta zovurlarga quyuluvchi inshootlarda shag`al to`kish, drenajlar usti polosasini ko`mish, boshlang`ich quduqlar o`rnatish, kuzatuv qudug`i sirti, boshlang`ich quduqlar sirtini izolyasiya qilish, atrofini tuproq bilan ko`mish, lotoklarni almashtirish hamda qo`l kuchi yordamida bajariladigan ishlar bo`yicha jami 2 milliard 490 million 228 ming so`mlik qurilish-ta`mirlash ishlari bajarilganligi haqida hujjatlar rasmiylashtirilgan.

O`rganishlar natijasida hujjatlarga haqiqatda bajarilmagan 70 million 658 ming 400 so`mlik ishlar qo`shib yozilgani, rasmiy hujjatlar soxtalashtirilib buyurtmachiga taqdim qilingani ma`lum bo`ldi.

Bundan tashqari, korxona mansabdor shaxslari mansab mavqeini suiiste`mol qilib, 2017 yil davomida O`zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 183-moddasiga asosan intizomiy jazo qo`llanilgan xodimlarga jami 11 ta holatda 8 million 990 ming so`m rag`batlantirish pullari to`lab berib, byudjet mablag`larini rastrata qilish yo`li bilan talon-toroj qilgan.

Korxona mansabdor shaxslari o`zlarining mansabiga sovuqqonlik bilan qarab, vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda bo`lgan. Debitor qarzdorliklarni o`z muddatida undirish choralari ko`rilmagani natijasida 01.12.2018 yil holatiga korxonaning 193 million 886 ming 400 so`m muddati o`tgan debitor qarzdorligi mavjud.

Mazkur holatlar yuzasidan Inspeksiyaning Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan “AAA” DUK mansabdor shaxslariga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borish uchun viloyat prokuraturasiga yuborilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Inspeksiyaning

Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi

    Boshqa yangiliklar