Davlat bojxona qo`mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi va Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo`limi xodimlari boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda katta miqdordagi uyali telefon apparatlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo`yishdi.
Fuqaro M.X. boshqaruvidagi “Neksiya-2” rusumli avtomashina kuzatuvga olinib, poytaxtimizdagi savdo majmualaridan birining avtoturargohida to`xtaganida avtomashina xolislar ishtirokida ko`zdan kechirildi. Natijada, avtomashina saloni va yukxonasida xorijda ishlab chiqarilgan jami 361 dona yangi uyali telefon apparatlari borligi aniqlandi. Yuk egasi bo`lgan fuqaro M.X. dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra qiymati salkam 567 mln. so`mni tashkil etgan ushbu uyali telefon apparatlariga tegishli hech qanday hujjatlarni taqdim eta olmadi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilgan bo`lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






