Maktabgacha ta`limni rivojlantirish jamg`armasi faoliyatini tashkil etish to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qaror bilan Maktabgacha ta`limni rivojlantirish jamg`armasi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, Jamg`arma mablag`larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi belgilandi.
Shunga ko`ra, Jamg`arma mablag`lari:
- maktabgacha ta`lim muassasalarini belgilangan tartibda qurilishlarning manzilli ro`yxatiga kiritib, ularning tarmog`ini kengaytirishga;
- maktabgacha ta`lim tizimi xodimlarini moddiy rag`batlantirishga;
- yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan xorijiy mutaxassislarni, shuningdek, xorijda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni fuqarolik-huquqiy shartnomalar asosida Vazirlikka ishlash uchun jalb qilishga;
- ta`lim-tarbiya jarayoniga ilg`or pedagogika va axborot texnologiyalarini joriy etishga, shuningdek Vazirlik faoliyatini takomillashtirishga yo`naltirilgan boshqa tadbirlarga sarflanadi.
Jamg`arma faoliyatini boshqarish va uning mablag`larini taqsimlash Jamg`arma faoliyatini boshqarish kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Vazirlikning Moliyaviy-iqtisodiy rivojlantirishni rejalashtirish boshqarmasi Jamg`armaning ishchi organi hisoblanadi.
Jamg`arma mablag`laridan foydalanish bo`yicha hisob va hisobotlar Vazirlikning byudjetdan tashqari boshqa mablag`laridan alohida yuritiladi.
Jamg`armaning joriy yilda foydalanilmay qolgan mablag`lari keyingi yilga o`tadi va olib qo`yilmaydi.
Jamg`arma mablag`laridan maqsadli foydalanilishi bo`yicha nazorat Moliya vazirligining davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.






