Bugun, 18 dekabr kuni parlament quyi palatasida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri o`rinbosari Boriy Alixonov va deputatlarning Atom energetikasi bo`yicha "Rosatom" Davlat korporasiyasi bosh direktorining birinchi o`rinbosari Aleksandr Lokshin boshchiligidagi delegasiya bilan bo`lib o`tgan uchrashuvda atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish bo`yicha hamkorlik istiqbollari muhokama etildi, deb xabar berdi "Xalq so`zi" nashri.
Shuningdek, yaqinda Rossiya Federasiyasining atom energetikasi sohasidagi ilg`or ish tajribasi bilan tanishish maqsadida Boriy Alixonov boshchiligidagi O`zbekiston delegasiyasi Novovoronej AESga tashrif buyurdi.
O`z navbatida, Aleksandr Lokshin ham ayni paytda jahonning 12 mamlakatida 36 ta energoblok qurayotgan "Rosatom" Davlat korporasiyasi faoliyati va to`plagan tajribasi xususida so`zlab berdi. Bunda mazkur energobloklar va O`zbekistonda quriladigani mavjud barcha xavfsizlik talablariga javob bera oladigan, jumladan, ekologik, shuningdek, MAGATE’ning zamonaviy talablari va takliflariga mos keladigan innovasion ob`ektlarning "3+" uchinchi avlodiga tegishli ekanini ta`kidlab o`tdi.
Uchrashuv chog`ida qayd etilganidek, taklif etilayotgan Rossiya texnologiyasi zilzila, sunami, bo`ron, samolyot qulashidan himoyalash bo`yicha barcha postfukusima xavfsizlik talablariga ham javob berishi aytib o`tildi. Bundan tashqari, energoblok qo`shhimoya qobig`iga ega bo`lib, bu uning ekspluatasiyasi xavfsizligi va atrof-muhit muhofazasini ta`minlab beradi. Energoblokning xizmat ko`rsatish muddati 60 yilni tashkil qiladi
Muhokamalar chog`ida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan atom elektr stansiyasi maydonini tanlash, loyihalashtirish, qurilishi va kafolatlangan ekspluatasiyasi jarayonlarini huquqiy tartibga solishni ta`minlash masalalariga alohida e`tibor qaratildi. Bunda atrof-muhit muhofazasi va yong`in xavfsizligi borasida O`zbekiston Respublikasi norma va qoidalarini qo`llash taklif etilmoqda. Atom elektr stansiyasi loyihasiga ularni qo`llab bo`lmaydigan holatlarda esa, Rossiya Federasiyasining tegishli sohadagi federal norma va qoidalari tatbiq etiladi.
Uchrashuvda, shuningdek, AESning ishga tushirilishi yiliga 3,7 milliard kubometr tabiiy gazni iqtisod qilish, atmosferaga chiqadigan is gazi, xususan, 14 million tonnagacha is gazi va 36 ming tonnagacha azot dioksidi chiqarilishi miqdorini kamaytirish imkonini berishiga e`tibor qaratildi. Bundan tashqari, AES qurilishi davrida 8 ming nafardan ziyod, ekspluatasiya davrida esa, 3 ming nafar odamni yangi ish o`rni bilan ta`minlashga imkon yaratishi ta`kidlab o`tildi.
Ochiq va o`zaro ishonch ruhida kechgan uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama etildi.






