O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 27 yanvardagi “Respublikada xorij tajribasi asosida achchiq qalampir etishtirishni ko`paytirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga ko`ra 2018 yilda Urgut tumanidagi 177 fermer xo`jaligi achchiq qalampir etishtirdi.
Fermerlar mazkur ekinning serdaromad va eksportbop ekani haqidagi ma`lumotlarni eshitib, qalampirdan mo`l hosil olish va yuqori daromadga ega bo`lishni niyat qilgandi. Afsuski, ularning bu niyati amalga oshmadi.
Gap shundaki, mavsum avvalida urgutlik fermer xo`jaliklari hamda Toshkent shahrida joylashgan “General Manchinery Group” mas`uliyati cheklangan jamiyati o`rtasida achchiq qalampir ko`chati etkazib berish bo`yicha kontraktasiya shartnomasi tuzilgan. Unga ko`ra, “General Manchinery Group” MChJ achchiq qalampir ekilishi rejalashtirilgan maydonlarning teng yarmiga (har bir donasini 70 so`mdan) mahalliy va qolgan qismiga (har bir donasi 100 so`mdan) chet eldan keltirilgan achchiq qalampir ko`chati etkazib berishi kerak edi. Buning uchun joriy yil may oyida “Agrobank” ATBning Urgut filiali 177 ta fermer xo`jaligi hisobidan jami 1 milliard 59 million 284 ming so`m pul mablag`ini ko`chat etkazib beruvchining “Agrobank” ATB Toshkent filialidagi hisobraqamiga ko`chirib beradi.
Ammo “General Manchinery Group” MChJ shartnoma shartlarini qo`pol ravishda buzib, 96 fermer xo`jaligiga 2 million 340 ming dona mahalliy ko`chatni xorijdan keltirilgan, deb aldab tarqatgan. Oqibatda fermerlar rejadagi hosilni etishtira olmadi.
Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta`minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Urgut tumani bo`limi tomonidan o`tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida “General Manchinery Group” MChJning tumandagi fermer xo`jaliklarga tegishli bo`lgan 70 million 200 ming so`mlik, ko`p miqdordagi pul mablag`larini firibgarlik, ya`ni aldash yoki ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan qo`lga kiritgani aniqlanib, O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Hozirda mazkur holat yuzasidan Urgut tumani prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Abduvali Xudoyorov,
Bosh prokuratura huzuridagi
agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi
ta`minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi
Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori.






