Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligida Italiyaning “Yuventus” klubining brendni boshqarish va rivojlantirish bo`yicha ijrochi direktori Karolina Kiappero boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Yurtimizga tashrif buyurgan mashhur Italiya futbol klubi vakillari bilan o`tkazilgan muzokaralar jarayonida Turin politexnika universiteti kampusi bazasida “Yuventus akademiyasi”ni tashkil etish bo`yicha muzokaralar olib borildi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligida bo`lib o`tgan uchrashuvda ham tomonlar yurtimizda futbolni ommalashtirish, yangi tashkil etilayotgan akademiya faoliyatini samarali yo`lga qo`yish hamda o`zaro hamkorlikni kuchaytirish masalalarini muhokama qilishdi.
“Serquyosh yurtimizda sizlarni ko`rib turganimda bag`oyatda xursandman. Bizda futbol yaxshi ko`rishadi. Xususan yurtimizda “Yuventus” jamoasi muxlislari ham ko`pchilikni tashkil etadi. Poytaxtimizda ushbu klub akademiyasining tashkil etilayotgani barchamiz uchun quvonchli yangilik bo`ldi. Akademiyaning tashkil etilishi nafaqat ushbu muassasada, balki umuman o`zbek futboliga jahonning ilg`or tajriba va metodikalarini joriy etishi imkonini beradi deb o`ylayman. Vazirligimiz ham o`z navbatida klub bilan hamkorlik qilishga hamda akademiyani har tomonlama qo`llab-quvvatlashga tayyor” – dedi D.Nabiev.
“Yuventus” klubining brendni boshqarish va rivojlantirish bo`yicha ijrochi direktori Karolina Kiappero yurtimizda akademiyani tashkil etishdan maqsad faqatgina uning o`quvchilarini tayyorlash emas, balki o`zbek yoshlariga futbol bilan professional tarzda shug`ullanish imkoniyatini yaratish ekanligini ma`lum qildi.
“Yuventus akademiyasi” faoliyati bolalarning futbol orqali jismoniy rivojlanishiga ko`maklashish, shuningdek ularda futbol madaniyatini shakllantirishga qaratilgan. Akademiya faoliyati kompleks yondashuvga asoslanib, yillik trening, shug`ullanish oromgohi, yozgi oromgoh, o`quv sessiyasi kabi jami oltita asosiy yo`nalishda amalga oshiriladi.
Eslatib o`tamiz, bugungi kunga kelib, “Yuventus akademiyasi” loyihasi Evropa, Osiyo va Amerika qit`asida joylashgan 49 ta mamlakatda amalga oshirilib, 100 dan ortiq hududni va 15000 nafardan ortiq bolalarni qamrab olgan.






