Farg`ona viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qurol-aslaha, o`q-dori va portlovchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalasiga qarshi kurashish bo`yicha keng jamoatchilik bilan o`tkazilgan profilaktik va targ`ibot-tashviqot ogohlantiruv chora-tadbirlari natijasida, bir qator fuqarolar o`z ixtiyorlari bilan o`zlarida saqlanayotgan qurollarni topshirdilar. Bu haqda O`zA xabar berdi.
Buvayda tumanida yashovchi I.Hakimov «IJ» rusumli 16 kalibrli o`q otar qurolni o`z ixtiyori bilan ichki ishlar bo`limiga topshirdi. Beshariq tumanida ham 4 nafar fuqaro ham uylarida saqlanayotgan qurol bo`yicha IIBga murojaat qildi. Xususan, S. Xolmatov uyidan 1 dona ov qurolini topib olgan. Noqonuniy qurol saqlash jinoyat ekanini yaxshi bilgan fuqaro bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ma`lum qildi va qurolni topshirdi.
Biroq, olib borilayotgan profilaktik tadbirlar va targ`ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan, ayrim fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda o`zlarida saqlanayotgan qurol-aslaha, o`q-dori va portlovchi moddalarni ixtiyoriy ravishda topshirmaslik holatlari ham aniqlanmoqda.
Farg`ona tumanida yashovchi R.Ergashevning xonadoni ko`zdan kechirilganda, bir dona o`q otar ov quroli hamda 100 gramm porox borligi aniqlandi. Unga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 248-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.






