Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 dekabr kuni imzolangan 1022-sonli qaroriga ko`ra O`zbekiston hududidan tranzit yuklarini olib o`tishning alohida qoidalariga tuzatishlar kiritildi, deya xabar berdi Norma.
Avtomobil transportida tranzit yuk tashish: ko`proq vaqt berildi, "yangi yo`nalishlar" ochildi.
Tranzit yuk transport vositalarining mamlakatdan chiqib ketish muddati kirgan kunidan boshlab 5 kungacha uzaytirildi (avval 3 kundan oshmagan).
Bundan tashqari chet elliklarning O`zbekiston hududi orqali tranzit yuk tashishi uchun 47 ta yangi yo`nalish ochildi. Ularning aksariyati Tojikiston (18 yo`nalish) va Turkmaniston (12 yo`nalish) chegarasidan kirish uchun tashkil etilgan.
Shuningdek, endilikda bojxona nazorati ostida bojxona omborxonalarida chet el avtomobilidan milliy avtotashuvchiga yuklash ruxsat etildi.
Chet el avtoishqibozlari O`zbekistondan o`tishlari osonroq bo`ldi.
Umumiy qoidalarga ko`ra tranzit bilan avtomobilda O`zbekiston orqali o`tuvchi chet el fuqarolari faqat xalqaro avtomobillar uchun mo`ljallangan yo`nalishdan foydalanishi mumkin bo`lgan.
Istisno tariqasida, endi ushbu talab O`zbekiston orqali turistik (notijoriy) maqsadlarda avtomobilda yo`nalish ko`rsatilgan holda o`tayotgan chet elliklarga joriy qilinmaydi.
Alohida yuklarga ruxsat tezroq beriladi.
O`zbekiston orqali alohida va harbiy maqsadlardagi yuklarga ruxsat berish jarayoni tezlashtirildi. Ruxsatnoma berish yoki uni rad etish umumiy muddati ariza va barcha hujjatlarni topshirilgandan boshlab 20 kundan oshmasligi lozim (avval — 30 kun). Munosib ravishda ushbu jarayonning alohida bosqichlarida ham muddatlar qisqartirildi. Shuningdek, ruxsatnomani amal qilish muddatini uzaytirish ham tezroq amalga oshiriladi.
Ruxsatnoma endi 30 kun amal qiladi. Avvalgi shaklga ko`ra hujjatlarni bundan kam muddatga berilishi ko`zda tutilgan. Shuningdek, Mudofaa vazirining yo`qligida uning birinchi o`rinbosari imzo chekishi mumkin.






