AsosiyJamiyat

Bo`stonliqda 8 nafar mahkum muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi

'Bo`stonliqda 8 nafar mahkum muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi'ning rasmi

Jinoyat ishlari bo`yicha Bo`stonliq tumani sudi tomonidan ozodlikni cheklash va ahloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan 8 nafar mahkum muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi.

Bu haqda Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasi xabar qilmoqda. Xabarda qayd etilishicha, jazo turlari uchun o`rnatilgan tartib-qoida talablarini bajarib, tuzalish yo`liga o`tgan ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan 4 nafar va yana 4 nafar axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan fuqaro o`talmagan jazo muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilindi. Shuningdek, ular jazolarning ijrosini nazorat qilish guruhi hisobidan ham chiqarildi.

– Jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning kelib chiqish sabablarini aniqlash va bartaraf etish, jumladan ozodlikdan mahrum etish bilan bog`liq bo`lmagan jazolarning ijrosini nazorat qilish guruhlari hisobida turuvchi mahkumlar bilan profilaktik suhbatlar o`tkazish, bandligini ta`minlash va ularni sog`lom turmush tarziga qaytarish yuzasidan muntazam targ`ibot ishlari olib borilmoqda, – deydi viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi katta inspektori, mayor X.Barnoev. – Bundan ko`zlangan asosiy maqsad – jinoyatga jazo muqarrarligini tushuntirish barobarida, jamiyatda adolat, insoniylik tamoyillarining ustuvorligini ta`minlash, adashib jinoyat ko`chasiga kirgan fuqarolarni jamiyatga qaytarish, sog`lom ijtimoiy muhitni qaror toptirishdir.

Sayyor sud majlisida shuningdek, fuqaro O`.O. va R.V.ning ishi ko`rib chiqildi. Ushbu fuqarolarga nisbatan muqaddam sud tomonidan ahloq tuzatish jazosi tayinlangan bo`lib, ular mazkur jazoni o`tashdan qasddan bo`yin tovlagan. Ayni shu boisdan sudda fuqaro O`.O. va R.V.ning o`talmagan jazo muddati xuddi shuncha muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.

    Boshqa yangiliklar