Hukumat qarori bilan Istiqbolli boshqaruv kadrlarini tanlash bo`yicha “Taraqqiyot” respublika tanlovi finali ishtirokchilari orasidan boshqaruv kadrlari zaxirasini shakllantirish tartibi to`g`risidagi nizomtasdiqlandi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanali xabar berdi.
Nizomga muvofiq, “Taraqqiyot” respublika tanlovi finali ishtirokchilari fuqarolarning boshqa toifalari uchun nazarda tutilgan kadrlar zaxirasiga tanlov tartibotlaridan o`tmagan holda davlat tashkilotining kadrlar zaxirasiga kiritilishi lozim va boshqaruv xodimlarining tanlovdagi nominasiya sohalariga mos keladigan bo`sh turgan, qoida tariqasida, rahbarlik lavozimiga tanlovsiz qabul qilinish (tayinlanish) huquqiga ega.
“Taraqqiyot” respublika tanlovi o`tkazilishini tashkil etuvchi Respublika komissiyasi tomonidan taraqqiyot-tanlov.uz maxsus veb-saytida tanlov natijalari joylashtirilgan kundan boshlab uch yildan ortiq vaqt mobaynidatanlov finali ishtirokchilari davlat tashkilotining kadrlar zaxirasida turishi mumkin emas.
Tanlov finalining ishtirokchisi bir vaqtning o`zida ikkitadan ortiq bo`lmagan davlat tashkilotining, shu jumladan, o`zi ishlayotgan tashkilotning kadrlar zaxirasiga kiritilishi mumkin.
Tanlov finalining ishtirokchilari davlat tashkilotiga ishga joylashtirilsa, ularga ishga qabul qilingan kunidan boshlab dastlabki 10 oy mobaynidategishli davlat tashkilotlarining mablag`lari hisobidan lavozim maoshining 10 foizi miqdorida ustama to`lanadi.
Kadrlar zaxirasi tuziladigan davlat tashkilotining lavozimlari ro`yxati har yili tashkilot kadrlar xizmati tomonidan 1 dekabrdan kechikmay quyidagi lavozimlar bo`yicha alohida aniqlanadi:
- davlat tashkiloti rahbarlari (rahbar o`rinbosarlari);
- davlat tashkiloti tarkibiy bo`linmalari rahbarlari (rahbarlar o`rinbosarlari);
- hududiy bo`linmalar rahbarlari (rahbarlar o`rinbosarlari);
- davlat tashkiloti markaziy apparatining bosh boshqarmalari, boshqarmalari bo`limlari, sho``balari boshliqlari (boshliqlarning o`rinbosarlari) va bosh mutaxassislari.






