Avval xabar berilganidek, 14 dekabr kuni chamasi soat 10.00larda Namangan shahrida portlashga o`xshagan qattiq gumburlash ovozi eshitilgan.
Bu ovoz nafaqat Namangan shahri, balki ayrim tumanlarda ham eshitilgani va bundan ko`pchilik tashvishga tushib qolganligi haqidagi xabarlar turli ijtimoiy tarmoqlarda ham muhokamalarga sabab bo`ldi. E`tiborlisi, bu holat birinchi marta kuzatilgani yo`q.
Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida O`zA muxbiri Favqulodda vaziyatlar vazirligi Seysmoprognostik monitoring Respublika markazi boshlig`ining birinchi o`rinbosari Saydullo Nabiev bilan bog`landi.
— Namangandagi holat yuzasidan markazimiz, qolaversa, shaxsan o`zim surishtiruv ishlari olib bordim. Shuni aytish kerakki, 14 dekabr kuni soat 10.00larda va undan keyin ham idoramizga er qimirlashi, ya`ni zilzila sodir bo`lganligini bildiruvchi hech qanday signal kelib tushmagan. Ushbu masala yuzasidan FVV Namangan viloyati boshqarmasi boshlig`i bilan ham bog`landim. Ma`lum bo`lishicha, o`sha kuni boshqarmaga hech bir kishi gumburlash holatidan jabrlangani yoki jiddiy ziyon ko`rganligi haqida shikoyat yoki ariza kelib tushmagan. Qolaversa, vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida O`zgidrometrologiya markazi bilan bog`landim. Ularga ko`ra, gumburlash holati kuzatilgach Namangan viloyati osmonida ob-havo o`zgarishi yoki shunga o`xshash holat sodir bo`lmagan.
Xulosa o`rnida aytadigan bo`lsak, Namangandagi holat shunchaki tabiat hodisasi va bundan sarosimaga tushishga hojat yo`q.






