AsosiyJamiyat

«O`zatom» rahbari BEST2018 Budapesht energetik sammitida ishtirok etdi

'«O`zatom» rahbari BEST2018 Budapesht energetik sammitida ishtirok etdi'ning rasmi

2019 yil yanvarida O`zbekiston delegasiyasi Vengriyaga boradi va bunda «Paksh» AES faoliyati bilan yaqindan tanishishga muvaffaq bo`ladi. Tashrif davomida faoliyat ko`rsatayotgan AES va ushbu mamlakatning atom energetikasi sohasidagi qonunchiligi bilan tanishish maqsadida Vengriya idoralarida uchrashuvlar tashkil qilinadi.

Ushbu kelishuvlarga “O`zatom” agentligi bosh direktori Jo`rabek Mirzamahmudov tomonidan shu yilning 4 dekabrida BEST2018 Budapesht energetik sammiti doirasida o`tkazilgan muzokaralar davomida erishildi.

Ma`lumot uchun:

BEST 2018 – Budapesht energetik sammiti Evropa mintaqasidagi eng muhim energetik konferensiyalardan hisoblanadi va har yili o`tkaziladi. Sammitda 300 dan ziyod kishi – yirik energetik kompaniyalar etakchilari, ekspertlar, hukumat vakillari va Evropaning etakchi siyosatchilari ishtirok etdi.

Shuningdek, BEST 2018 doirasida Sof energiya forumi - BEST Clean Energy Forum bo`lib o`tdi. Ushbu anjuman ishtirokchilarga energetika, qayta tiklanuvchan energiya manbalari, tabiiy gaz sektori va muqobil energiya manbalari rivojlanishi masalalari va muammolarini muhokama qilish imkoniyatini yaratadi.

Anjuman doirasida “O`zatom” agentligi bosh direktori sammitning “Yashil energetika dunyosida atom energetikasining roli. «Paksh-2» AES maqomi” mavzusidagi yalpi majlisida ishtirok etdi va unda O`zbekistonda AES qurilishi loyihasi bo`yicha ma`ruza qildi. Shuningdek, unda O`zbekiston tomonidan bunday qaror qabul qilinishining asosiy sabablari izohlanib, MAGATE tavsiyalariga qat`iy rioya qilingan holda amalga oshirilgan ishlar va yaqin kelajakka mo`ljallangan rejalar bo`yicha batafsil ma`lumot berildi.

Sammitning yalpi majlisida Vengriyaning “Paksh” AES ni kengaytirish ishlari bo`yicha portfelsiz vaziri Yanosh Shuli, «FORATOM» Evropa atom ittifoqi Prezidenti Teodor Chirisa, «MVM Group» Vengriya energetik kompaniyasining atom energetikasi bo`yicha direktori Pal Kovach, «Urenco group» kompaniyasining marketing bo`yicha boshqaruvchisi Debbi Bresli xonim ma`ruza qildi hamda Evropada atom energetikasi ahamiyatini qayd etdi. Bunda Parij bitimi doirasida gaz chiqarilishini qisqartirish bo`yicha kelishuvlarni ta`minlash va “Rosatom” davlat korporasiya bilan birgalikda “Paksh-2” loyihasini amalga oshirish holati va rejasi sharoitida bu alohida ahamiyat kasb etadi.

Shuningdek, yadro energetikasi, qayta tiklanuvchan energiya manbalari, tabiiy gaz sektori va muqobil energiya manbalari rivojlanishi masalalari va muammolari muhokama qilindi.

    Boshqa yangiliklar