AsosiySiyosat

O`zbekiston-Avstriya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining oltinchi raundi bo`lib o`tdi

'O`zbekiston-Avstriya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining oltinchi raundi bo`lib o`tdi'ning rasmi

Bugun, 17-dekabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston-Avstriya vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining oltinchi raundi bo`lib o`tdi. Unda O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o`rinbosari Dilshod Axatov va Avstriya Respublikasining Evropa, integrasiya va tashqi ishlar masalalari bo`yicha Federal vazirligining siyosiy direktori Aleksandr Marshik boshchiligidagi ikki mamlakat delegasiyalari ishtirok etdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlar holati va uni kengaytish istiqbollari batafsil o`rganib chiqildi, mintaqaviy va xalqaro masalalar bo`yicha mavqe`lar yuzasidan fikr almashildi.

Ta`kidlanganidek, tashqi siyosiy hamkorlikning mustahkamlanishi davlatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirish uchun aniq sharoitlar yaratadi, bu esa ikki mamlakat milliy manfaatlariga mos keladi.

Suhbat chog`ida turli darajalar va shakllardagi O`zbekiston-Avstriya uchrashuvlarini tashkillashtirish, jumladan, 2019-yilda qo`shma biznes-forum o`tkazish, oxirgi majlisi 5 yil oldin o`tkazilgan Hukumatlararo komissiya faoliyatini qayta tiklash bo`yicha takliflar ko`rib chiqildi.

Ikki tomonlama munosabatlar salohiyatini tadbiq etish masalalarini muhokama qilish chog`ida 2018-yilning 9 oyi mobaynida tovar aylanmasi 71 mln. AQSh dollaridan oshib, butun 2017-yilga qaraganda uchdan biriga ko`proqni tashkil etgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda O`zbekistonda Avstriya ishbilarmon doiralari ishtirokida muhim investisiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Avstriyadan bir qator mutaxassislar O`zbekiston Xalq ta`limi vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi va Savdo-sanoat palatasiga maslahatchi sifatida ishga qabul qilingan.

Uchrashuvda umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Maslahatlashuvlarda Avstriyaning O`zbekistondagi Elchisi etib tayinlangan Alois Kraut ishtirok etdi.

    Boshqa yangiliklar