AsosiyJamiyat

«Xorijlik»lar tonirovka uchun qanday haq to`laydi

'«Xorijlik»lar tonirovka uchun qanday haq to`laydi'ning rasmi

IIV, DBQ, MV va DXX qarori (AV tomonidan 29.11.2018 yilda 3091-son bilan ro`yxatdan o`tkazilgan) bilan Xorijiy davlatlarning oynalari tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) engil avtotransport vositalarining O`zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yig`imlarni undirish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi, deb yozadi Norma.uz

Joriy yil 1 avgustdan boshlab jismoniy va yuridik shaxslarga tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali engil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berilgan (VMning 18.07.2018 yildagi 547-son qarori).

Qabul qilingan Nizom O`zbekistonga vaqtincha kirayotgan yoki tranzit harakatlanayotgan hamda bir vaqtning o`zida quyidagi belgilarga javob beruvchi engil avtomobillarga nisbatan tatbiq etiladi:

  • xorijiy davlatlarning ro`yxatga olish idoralarida ro`yxatda turgan;
  • yo`lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan;
  • haydovchining o`rindig`idan tashqari o`rindiqlar soni 8 tadan oshmaydigan;
  • to`la vazni 3,5 tonnagacha bo`lgan;
  • old, yon va orqa oynalaridan biri yoki bir nechtasining (tomidagi lyuk oynasi bundan mustasno) tusi o`zgartirilgan (qoraytirilgan) avtotransport vositalari.

Kirib kelayotgan xorijiy davlatlar avtomobillarining oynalarini qoraytirganlik uchun yig`im mig`dori 15 AQSh dollarini tashkil etadi (VMQ-547-son qaror 2-bandining 6-xatboshisi). Yig`im to`lov kunidagi kurs bo`yicha milliy valyutada chegara bojxona postidagi bank kassalari orqali to`lanadi.

Bundan tashqari, to`lovni tasdiqlovchi va bojxonadagi kassada rasmiylashtiriluvchi kvitansiyalarning huquqiy maqomiga o`zgartirish kiritildi. Nizom loyihasida kvitansiyalar IIB tomonidan beriladigan oynalarni qoraytirishga ruxsatnomaga tenglashtirilgan bo`lsa, tasdiqlangan hujjatga ko`ra u faqatgina «qoraytirilgan» avtomobillarning mamlakatga kirishi va uning hududi bo`ylab tranzit harakatlanishiga imkon beradi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma`lumotlari milliy bazasida e`lon qilingan va 29.11.2018 yildan kuchga kirdi.

    Boshqa yangiliklar