Hukumat 2018 yil 14 dekabrdagi qarori bilan engil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish tartibi to`g`risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanali ma`lum qildi.
Mazkur Nizomga ko`ra, engil avtomobillar va mototransport vositalarini qisqa muddatli ijaraga berish shartnomasi 30 kundan ortiq bo`lmagan muddatga yozma tarzda tuziladi.
Qisqa muddatli ijara shartnomasini notarial rasmiylashtirish hamda DYHXX organlaridan ro`yxatdan o`tkazish talab etilmaydi.
Qisqa muddatli ijara shartnomasida taraflar, ya`ni ijaraga beruvchi yuridik shaxs, ijaraga oluvchi (ijarachi) esa jismoniy shaxs bo`ladi.
Shartnoma tuzish uchun ijaraga oluvchi ijaraga beruvchiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
• pasport;
• haydovchilik guvohnomasi;
• tibbiy ko`rikdan o`tganlik haqida ma`lumotnoma;
• garov depoziti kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat.
Qisqa muddatli ijara shartnomasining muddati tugagandan so`ng transport vositasi ijaraga beruvchi tomonidan topshirish va qabul qilish dalolatnoma asosida qabul qilib olinadi.






