O`zbekiston Respublikasi oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilarining yakuniy davlat attestasiyasi to`g`risidagi nizomga kiritilgan o`zgartirishlar Adliya vazirligida davlat ro`yxatidan o`tkazildi, deya xabar qilindi "Huquqiy axborot" kanalida.
Nizomga muvofiq, bitiruvchilar ayrim fan bo`yicha, ta`lim yo`nalishi bo`yicha fanlararo yakuniy attestasiya sinovi hamda bitiruv malakaviy ish (magistrlik dissertasiyasi) himoyasi bo`yicha attestasiya topshirgan. Kiritilgan o`zgartirishlarga muvofiq, ayrim fan bo`yicha attestasiya xorijiy tilga (oliy ta`lim muassasasi Kengashi qaroriga asosan kiritiladi) o`zgartirildi, shuningdek endilikda diplom loyihasi himoyasi ham attestasiya hisoblanadi.
Attestasiyadan o`tmagan bitiruvchilarning attestasiyasi oliy ta`lim muassasasining yuqori turuvchi vazirlik (idora) tomonidan tuziladigan komissiyasi tomonidan o`tkaziladi. Ilgari Davlat test markazi vakillari ishtirokida o`tkazilgan.
Shuningdek, attestasiya sinovlarida mualliflikni o`zlashtirishga (plagiatga) yo`l qo`yilmasligi mustahkamlandi.
Bundan tashqari, Attestasiya sinovidan o`ta olmagan shaxs attestasiya sinovini keyingi yillarda qayta topshirish huquqiga ega bo`ldi. Ilgari faqat uch yil ichida qayta topshirish mumkin edi.






