AsosiyJamiyat

DXMlar orqali "mahalladan ma`lumotnoma" berilmaydi

'DXMlar orqali "mahalladan ma`lumotnoma" berilmaydi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan beriladigan tasdiqlovchi hujjatlar turlarini tubdan qisqartirish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga asosan, joriy yilning 15 oktyabrdan boshlab fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining quyidagi hujjatlarini taqdim qilish tartibi bekor qilingan:

  • shaxsning yashash joyi bo`yicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi;
  • shaxsning ishsizligi;
  • bolani, yolg`iz shaxslarni, pensionerlarni va nogironlarni parvarish qilganligi haqida;
  • shaxsning tavsifnomasi.

Biroq, fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan ushbu qarorning mazmun-mohiyati noto`g`ri talqin qilinishi hamda yuqorida sanab o`tilgan hujjatlarni olish uchun ular tomonidan fuqarolarni tuman (shahar)lardagi Davlat xizmatlari markazlariga yuborilishi fuqarolar orasida turli xil norozilik holatlarini keltirib chiqarmoqda.

Bugungi kunda manzil-ma`lumot axborotlari Davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladi. Ya`ni, ushbu hujjatda yashash joyi haqidagi ma`lumotdan farqli o`laroq doimiy propiskada turganligi, propiskadan chiqqanligi, turgan joyi bo`yicha hisobga olinganligi, vaqtinchalik ro`yxatdan o`tganligi, shuningdeq, ma`lumot mavjud emasligi haqida ma`lumotlar ko`rsatiladi. Mazkur axborot Davlat xizmatlari markazlariga Ichki ishlar boshqarmalari va Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Manzil-ma`lumot byurolari tomonidan beriladi.

Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari tomonidan beriladigan yuqorida sanab o`tilgan hujjatlar esa Davlat xizmatlari markazlari tomonidan taqdim etilmaydi.

Qarorga asosan, shaxsning yashash joyi bo`yicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi hamda uning ishsizligini tasdiqlovchi hujjatlari davlat va xo`jalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan tegishincha O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi organlaridan mustaqil ravishda so`rab olinishi lozim.

2020 yil 1 yanvardan boshlab esa, davlat xizmatlarini ko`rsatish jarayonida oila tarkibi, shu jumladan qarindoshlik darajasi va fuqaroning oilaviy ahvoli haqidagi ma`lumotlar davlat va xo`jalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan to`g`ridan-to`g`ri fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlaridan mustaqil ravishda so`rab olinadi.

    Boshqa yangiliklar