Farg`ona shahrida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan Respublika kasb-hunar kolleji o`qituvchisi Mahmud Parpiev firibgarlikka qo`l urdi, deb xabar qildi O`zbekiston Oliy sudi matbuot xizmati.
U muqaddam bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, aldash va ishonchni suiiste`mol qilish yo`li bilan o`zganing mulkini qo`lga kiritish jinoyati uchun sudlanib, sud tomonidan tayinlangan jazoni o`tagan bo`lsada, o`ziga tegishli xulosa chiqarmagan ekan.
“O`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas”, deganlaridek M. Parpiev yana firibgarlikka qo`l urdi. 2017 yil sentyabr oyidan 2018 yil yanvar oyiga qadar imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan Respublika kasb-hunar kollejida tibbiy bilim asoslari fani o`qituvchisi vazifasida ishlab keldi.
Xavfli residivist bo`lgani holda mazkur kollejning o`quvchilariga o`zini turli mamlakatlarda malaka oshirib kelgan shifokor sifatida tanishtiradi. Ulardagi jismoniy nuqsonlarni davolash yo`li bilan bartaraf etish mumkinligi haqida aytib aldab, o`quvchi va ularning ota-onalaridan turli miqdordagi pullarni firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritadi.
Firibgar shifokor O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan aybdor deb topildi.
Jinoyat ishlari bo`yicha So`x tuman sudining hukmiga ko`ra, Jinoyat Kodeksi 168-moddasining beshinchi qismi (O`zbekiston Respublikasining 2017 yil 26 dekabrdagi O`RQ-416-son Qonuni tahririda) hamda Oliy sud Plenumining 2017 yil 11 oktyabrdagi “Firibgarlikka oid ishlar bo`yicha sud amaliyoti to`g`risida”gi qarorining 26-bandiga ko`ra jinoyat oqibatida etkazilgan zararni qoplanishi ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo`llashni istisno etadi.
M. Parpievga oid jinoyat ishini sud majlisida ko`rilishi davomida sudlanuvchining yaqin qarindoshlari tomonidan 7 nafar jabrlanuvchiga etkazilgan moddiy zarar to`liq qoplanganligi inobatga olinib, qonunning jazoni engillashtiruvchi normalari qo`llanilib, M. Parpievga ish haqining yigirma foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda, uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.






