AsosiySiyosat

Ichki ishlar vazirligi: Jinoyatlar o`tgan yilning shu davriga nisbatan 34,9 foizga kamaydi

'Ichki ishlar vazirligi: Jinoyatlar o`tgan yilning shu davriga nisbatan 34,9 foizga kamaydi'ning rasmi

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati to`g`risidagi axboroti tinglandi.

Ushbu masala yuzasidan ma`ruza qilgan ichki ishlar vazirining birinchi o`rinbosari D.Nazarmuhamedov jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning oldini olish borasida qilinayotgan amaliy ishlarga to`xtaldi.

Xususan, oilalardagi maishiy va mulkiy turdagi nizolarni hal etish maqsadida 26 ming 89 nizoli oilaning ro`yxati tuzilib, shundan qariyb 21 mingining notinchligiga barham berildi. 8 ming 965 oilaning ajralib ketishi oldi olindi. Sog`lom ijtimoiy turmush tarziga qaytgan 11 ming 689 oila profilaktik hisobdan chiqarildi.

Natijada 2017 yil yakuniga ko`ra yuqorida qayd etilganidek, qotilliklarning 60 foizi qarindoshlar o`rtasida sodir etilgan bo`lsa, 2018 yilning 11 oyi mobaynida o`zaro nizoli qarindoshlarni yarashtirish choralari ko`rilgan. Ular o`rtasida sodir etilgan qotilliklar – oila-turmush doirasidagi qotilliklarning 41,3 foizini tashkil etib, ulushi 20 foizga kamaydi.

O`zbekiston yoshlar ittifoqi bilan birgalikda ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turgan 3 ming 402 nafar voyaga etmaganlar va 55 ming 164 nafar yoshlar bilan amalga oshirilayotgan ishlar davomida ularning 4 mingdan ortig`i o`qishga qaytarildi. 4 344 nafari sport, 3 914 nafari fakultativ to`garaklarga, 1 599 nafari “Barkamol avlod” markazlariga, ming nafardan ziyodi kichik biznes shaxobchalariga jalb etildi.

Natijada jinoyatga qo`l urgan yoshlar soni 5 289 taga yoki 29,9 foizga, shu jumladan, jinoyat sodir etgan kasb-hunar kollejlari o`quvchilari soni 218 taga yoki 31,0 foizga kamaydi.

Ayni paytda, yosh avlodni giyohvandlikka mubtalo bo`lishining oldini olish maqsadida, nafaqat odatiy giyohvandlik vositalari, balki yangi turdagi “engil narkotik” sifatida ommalashib borayotgan “Tramadol” va “Lirika” kabi psixofaol tibbiy preparatlarni tarqatish bilan shug`ullanayotgan 148 nafar shaxs ushlanib, 115 mingdan ortiq shunday preparatlar olindi.

Xotin-qizlar qo`mitasi bilan hamkorlikda olib borilgan profilaktik tadbirlar natijasida jinoyatlarda ishtirok etgan ayol kishilar soni 9 975 nafardan 6 015 nafarga yoki 39,7 foizga kamaydi.

Ichki ishlar vaziri tomonidan hududlarda 225 sayyor qabullarda 5 431 nafar fuqaro bilan uchrashuv o`tkazilib, ulardan 3 mingdan ziyodining muammosi ijobiy hal etildi.

Shu asnoda joriy yil davomida (yanvar-noyabr oylarida) olib borilgan kompleks ishlar natijasida, sodir etilgan jinoyatlar soni o`tgan yilning shu davriga nisbatan 22 974 taga yoki 34,9 foizga, jinoyat qidiruv yo`nalishidagi jinoyatlar esa 14 518 taga yoki 35,7 foizga kamayishiga erishildi.

Tergov-tezkor guruhlari faoliyatining samarali yo`lga qo`yilganligi hamda xodimlarning hodisa sodir bo`lgan joyga tezkorlik bilan etib kelishi natijasida hisobot davrida sodir etilgan jinoyatlarning 93,7 foizi “izi yo`qolmasdan” fosh etilishiga erishildi.

    Boshqa yangiliklar