Bugun, 14 dekabr kuni taxminan soat 10:00 da Namanganda yana qattiq gumburlash ovozi eshitilgani haqidagi xabarlar mahalliy internet nashrlarida va ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Ma`lumotlarga ko`ra, kuchli zarbdan deraza oynalari ham larzaga kelgan.
Eslatib o`tamiz, 6 dekabr kuni ham Namangan viloyatida ko`pchilik yurtdoshlarimiz qandaydir gumburlagan ovoz eshitishgani to`g`risida ma`lumotlar tarqalgan edi.
"Darakchi" gazetasining namanganlik muxbiri Umidaxon Qo`shoqova ushbu holatga oydinlik kiritish uchun Mingbuloq tumanida bo`lib, surishtiruv olib bordi.
Albatta bu viloyatning 5 ta, ya`ni Namangan shahar, Mingbuloq tumani, Uychi, To`raqo`rg`on hamda Chortoq tumanlari aholisi ham bunday ovozni eshitganliklarini ta`kidlaganlar.
Gumburlash haqida internet saytlarida har xil ma`lumotlar bayon etildi, ayniqsa norasmiy telegram kanallarida uzun-yuluq mish-mishlar juda "bolaladi". Masalan, ko`pchilik norasmiy ma`lumotlarda ushbu gumburlash viloyatning Mingbuloq tumanida joylashgan Mingbuloq neft-gaz qo`shma korxonasida portlash yuzaga keldi, qabilida izohlangan bo`lsa, boshqa bir mish-mishlarda hududdagi yoqilg`i quyish shoxobchasida portlash kuzatilgani xabar qilingan.
Hatto "shu kuni hamma oyoqqa turdi, ayniqsa tuman IIB xodimlari hududni qo`riqlayotgan ekan" deganlar ham topildi. Namangan viloyati IIB esa bunga befarq qaragani yo`q.
Viloyat IIB: "Hech qanday portlash sodir bo`lmagan"
— Har qanday axborot rostgo`ylik prizmasidan o`tkazilgandagina foydali bo`ladi. Respublikamizda ko`p sonli o`quvchilar auditoriyasiga ega ayrim internet nashrlari "Namanganda portlash sodir bo`ldi" tarzidagi informasiya bilan omma e`tiborini o`ziga jalb etdi.
Haqiqatda kuchli gumburlash ovozi eshitilgan, biroq internet nashrlar talqin etganidek, Mingbuloq tumanidagi neft konidan chiqmagan.
Avazbek XO`JAXANOV, Mingbuloq tumani IIB boshlig`i, podpolkovnik:
— Ayni vaqtda hudud xavfsizlik nuqtai nazaridan o`rab olingan va fuqarolar kirishi cheklangan, degan informasiya mutlaqo asossiz. Chunki xavfsizlik nuqtai nazaridan amalga oshiriladigan bu holat, avvalo, ichki ishlar tizimi zimmasida. Hozirgi kunga qadar shaxsiy tarkibimiz bu kabi ishlarga jalb qilinmadi, hamma o`z xizmat joyida. Qolaversa, tuman bo`yicha olib borgan o`rganishlarimiz natijasida hududimizda hech qanday portlash sodir bo`lmaganini aniqladik.
Isroil ULUG`XANOV, "Mingbuloqneft" O`zbekiston-Xitoy qo`shma korxonasi bosh muhandisi:
— Yangiliklarni internet orqali o`qib, ochig`i, hayron bo`ldim. Chunki 6 dekabr kuni soat 12:00 larda ish joyimda edim va bu erda hech qanday portlash sodir bo`lmadi, qolaversa, neft sizib chiqayotganligi haqidagi gaplar ham asossiz. Ammo gumburlash ovozi bizga ham eshitildi.
Namangan viloyati IIB ana shunday munosabat bilan holat yuzasidan e`lon qilingan ma`lumotlar asossiz va tasdiqlanmaganligini ma`lum qildi. “Asoslanmagan ma`lumot bilan ommani aldash esa xalq ishonchini qozonayotgan nufuzli nashrlarga yarashmaydi. Zero, dono xalqimiz topib aytganidek, o`ynab gapirsak ham, o`ylaaab so`zlaylik. Chunki so`zimizning ortidan ergashguvchi xalq ko`ngliga g`ulg`ula solishdan hech kimga foyda yo`q. Aksincha, odamlarning halovati o`g`irlangani, asossiz tahlikalar ko`ngilni tinchsizlantirgani qoladi, xolos, deyiladi viloyat IIBning voqeaga munosabatida.
O`ZIMIZ HAM GUVOH BO`LDIK
Shuningdek, surishtiruv davomida Umidaxon Qo`shoqova Mingbuloq tumanida haqiqatan korxona ishchilari va mahalliy mutaxassislar qizg`in ish ustida ekanligiga guvoh bo`ldi.
Mansurjon MO`MINOV, Mingbuloq tuman IIB Qo`riqlash bo`limi boshlig`i:
— O`sha kuni men ham o`z xonamda qattiq, baland tovushda gumbirlagan ovoz eshitdim. Bu er qimirlashi yoki silkinishi bilan bog`liq emas. Shunchaki ovoz. Rahbariyatimiz bilan buning sababini bilish maqsadida holatni o`rgandik. “Mingbuloqneft” qo`shma korxonasi joylashgan “Chordona” qishlog`iga bordik. Hamma yoq tinch, ishlar o`z me`yorida ketayotganiga guvoh bo`ldik. Portlash yoki boshqa hodisani isbotlovchi hech qanday manzara yo`q. Barcha ishchilar o`z o`rnida. Shuni aytishim lozimki, bizning xodimlar u erdagi hududni shartnoma asosida qo`riqlashadi, guruhimiz ham sanoqligina, xolos. Vahimali holat kuzatilgani yo`q.
Salohiddin ShERMIRZAEV, “Chordona” mahalla fuqarolar yig`ini raisi:
— O`sha kuni men ham xonamda mahalla inspektori bilan bir yumush ustida maslahatlashib o`tirgandik. Birdan kuchli ovoz eshitdik. Shu zahoti yoritgichga qaradim, chunki u osilgan holatda bo`lgani uchun er qimirlagan bo`lsa, bilinardi, yoritgich qimirlamayapti, demak, er qimirlamabdi, dedim. Bu kuchli ovoz albatta tez orada mahallamizda ham shov-shuv bo`ldi. Biz holatga aniqlik kiritish uchun, ya`ni bu ovoz bizning mahallamizdan keldimikin, degan gumonda mahallani aylandik hamda Mingbuloqneft qo`shma korxonasigacha bordik. Hammayoq jim-jit, ishchilar ishlamokda. Hayron bo`ldik. Bu holat tez orada turli shov-shuvlarga sabab bo`ldi. Hozirda aholimiz to`ylar qilyapti, agar bunday notinchlik bo`lsa, ko`ngilga to`y sig`armidi.
Shu erda savol tug`iladi: xo`sh, unda shunchalar kuchli gumburlagan ovoz nimaniki, u qaerdan kelgan? Ammo haligacha bu savolning javobi mavhumligicha qolmoqda.






