Bugun, 14 dekabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o`n ettinchi yalpi majlisi o`z ishini davom ettiradi.
Yalpi majlis birinchi ish kunida 19 masala ko`rib chiqilgan bo`lsa, bugun ikkinchi ish kunida yana 11 masala ko`rib chiqiladi.
Jumladan, “Xalqaro migrasiya tashkiloti Konstitusiyasini (Bryussel, 1953 yil 19 oktyabr) ratifikasiya qilish haqida”gi O`zbekiston Respublikasining qonuni, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 dekabrdagi “Sanoat, radiasiyava yadro xavfsizligi sohasida dav lat boshqaruvi va nazorati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmoni tasdiqlanishi kutilmoqda.
O`zbekiston Respublikasining 2018 yilgi Davlat byudjeti xarajatlariga o`zgartishlar kiritish to`g`risida, ichki ishlar vazirining ichki ishlar organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish sohasidagi faoliyati to`g`risidagi, tashqi ishlar vazirining O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish bo`yicha faoliyati to`g`risidagi axborotlari eshitiladi.
Farg`ona viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati haqidagi hisoboti tinglanadi.
2019 yilda ko`p tarmoqli fermer xo`jaliklarini tashkil etish dasturi to`g`risidagi masala muhokama qilinadi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripovga kontrakt bo`yicha harbiy xizmatga kirish va uni o`tashga oid qonun hujjatlari ijrosi holati va bu sohadagi huquqni qo`llash amaliyoti yuzasidan parlament so`rovi yuborish, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari A.Abduhakimovga imkoniyati cheklangan yoshlarning ta`lim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar yuzasidan parlament so`rovi yuborish, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o`zgartirishlar kiritish hamda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to`g`risidagi masalalar ko`rib chiqiladi.






