Turkmanistonda ayollar qomatini bo`rttirib ko`rsatuvchi tor ko`ylak kiyish norasmiy tarzda taqiqlandi, deb xabar berdi “Turkmaniston alternativ yangiliklari” portali.
Nashrning xabar berishicha, endidan boshlab ayollar qomatini ko`z-ko`z qilmaydigan liboslar kiyishlari lozim. Ko`ylakning uzunligi erga tegadigan bo`lishi, faqatgina oyoq kiyimning uch tomoni ochiq bo`lishi, engi esa barmoqlarcha bo`lishi talab etilmoqda.
“Biz o`tmishga qaytmoqdamiz. Yoshim 20 da, biroq katta buvim kiygan liboslarni kiyishga majburman”, dedi Ashxobodda yashovchi qizlardan biri.
Go`zallik salonlarida ham ish qizg`in. Sari sochli ayollar sochlarini qora rangga bo`yashmoqda. Tungi 22.00 dan keyin ko`chada birga yurgan erkak va ayollar ham qo`lga olinmoqda. Kechasi erkak va ayolning birga sayr qilishlari uchun nikoh guvohnomasi talab etilmoqda.
Xuquq-tartibot idorasi xodimlari bunday cheklovlar yoshlarni yomon yo`llarga kiritib ketishdan asrashini ta`kidlashmoqda.






