Avval xabar berilganidek, O`FA birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov Angliyaga tashrifi chog`ida Angliya Futbol Assosiasiyasi rahbariyati bilan uchrashib, kelgusida ikki Assosiasiya o`rtasida hamkorlik qilish va o`zaro tajriba almashish borasida suhbatlashgan va bu borada ikki tomonlama kelishuvga erishilgan edi.
Ushbu kelishuv asosida, O`zbekiston Futbol Assosiasiyasi Superligada ishtirok etuvchi klublar direktorlari, shuningdek, Angliyaning “Everton” va “Arsenal” kabi grand klublariga borib, u erda tajriba va malaka oshirishlari lozim edi.
Bugun ushbu hamkorlik doirasida ilk kelishuv amalga oshirildi, deya ma`lum qildi O`zbekiston MOQ. Unga ko`ra, O`zbekiston Superligasi klublari, jumladan, “Lokomotiv”, “Nasaf”, “Paxtakor” “Buxoro” hamda “Bunyodkor” klublari direktorlari mart oyida Angliyaning “Everton” klubida malaka oshirishadi. Klublar rahbarlari “Everton”ga tashrifi davomida u erdagi infratuzilma va sharoitlar, futbol sohasida Angliyada qo`llanilayotgan yangi texnologiyalar borasida tajriba to`playdilar.
Ta`kidlash lozim, O`zbekistondagi boshqa klublar vakillarini ham Angliyaning “Arsenal” klubiga malaka oshirishga jo`natish uchun kelishuv amalga oshirilmoqda. Shuningdek, klublar direktorlarini Gollandiyaning “Ayaks” klubiga ham yuborish borasida ayni damda muzokaralar olib borilmoqda. Bu borada, har ikkala mamlakat futbol assosiyasiyalari bilan hamkorlik kelishuviga erishilgan.






