“O`zbekkino” Milliy agentligi buyurtmasiga asosan “O`zbekfilm” kinostudiyasida suratga olingan “Sabot” badiiy filmi nufuzli xalqaro kinofestivalning bosh sovriniga da`vogarlik qilmoqda...
Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan mazkur kartina bir qator xorijiy kinofestivallarga taqdim etilgan bo`lib, kuni kecha Moskvadan ilk xushxabar keldi. Festival ishchi guruhining qaroriga muvofiq, rejissyor Rashid Malikovning “Sabot” badiiy filmi shu yilning 19-26 aprel kunlari Rossiya poytaxtida bo`lib o`tadigan 40-Moskva Xalqaro Kinofestivalining asosiy dasturidan o`rin oldi.
Mazkur nufuzli xalqaro kinofestival 1935 yilda tashkil etilgan bo`lib, birinchi festivalda jahonning 19 mamlakatidan nomzod filmlar ishtirok etgan. 1972 yili esa MXKFga Kinoprodyusserlar Aassosiasiyasi Xalqaro Federasiyasining (FIAPF) “A” sinfi, ya`ni oliy maqom berilgan. 1999 yildan buyon har yili o`tkazib kelinayotgan mazkur kino tanlovining asosiy dasturi uchun kamida 12 ta to`liq metrajli film saralab olinadi. E`tiborli tomoni bu yil ushbu ro`yxatdan o`zbek filmi ham joy oldi.
Eslatib o`tamiz, 2017 yilning dekabr oyida Toshkentda ushbu filmning premerasi bo`lib o`tgan edi. Filmda afg`on urushida qatnashgan zobit – Saydulla hayotining so`nggi kunlari aks ettirilgan. Voqealar urushdan keyin sodir bo`lganiga qaramay, Saydullaning bot-bot o`tmish xotiralariga berilishi sababli, retro sahnalar asosiy voqealarga parallel tarzda rivojlanadi. Saydulla kamgap, tund odam. U urush fojialarini ko`rgan insonlarning tipik vakili. Urushdan qaytgach ichkilikka berilgan, oqibatda ayolidan ayrilgan va shu tufayli yolg`iz o`g`li bilan munosabatlarida jiddiy muammolar yuzaga kelgan. Bedavo dardga chalinganini bilgach, o`zining burchi deb bilgan ishlarni tezroq bitirishga shoshilgan qahramon, asosiy maqsadi – urushdagi quroldosh do`stining o`limiga sababchi bo`lgan nomardni topib, yo`q qilishga qaror qiladi...
Ta`kidlash joiz, “Sabot” badiiy filmi bundan tashqari Kinematografiyani rivojlantirish markazi tomonidan 71-Xalqaro Kann kinofestivalida namoyish etish uchun tavsiya etilgan. Demak, tez kunlarda Parijdan ham yangilik kutib qolamiz.
FAKT:
- Senariy muallifi va postanovkachi rejissyor – Rashid Malikov
- Cahnalashtiruvchi tasvirchi – Bahodir Yo`ldoshev
- Sahnalashtiruvchi rassom – Doniyor Abdurahmonov
- Bastakor – Dmitriy Yanov-Yanovskiy.
- Filmda bosh rollarni Karim Mirhodiev, Nigora Karimboeva, Seydulla Moldaxonov, Begzod Hamroev va Zulhumor Mo`minovalar ijro etishgan.






