Saxovatpesha, inson huquqlari himoyachisi, shifokor-reanimatolog hamda jamoat arbobi, asli rossiyalik bo`lgan, ammo AQShda yashagan Elizaveta Glinkaning savob ishlari va yaxshilikka undovchi so`zlarini havola etmoqqa qaror qildik, deb yozadi Letidor.ru nashri.
Marhuma o`tgan yili Qora dengiz uzra aviahalokatda halok bo`lgan edi.
Aftidan, butun umri davomida Elizaveta Glinka o`z hayotini ezgu ishlarga bag`ishlagandi. U hech kim yordam berishni istamagan insonlarga madad qo`lini cho`zdi. Uning asosiy bemorlari – hech kimga keraksiz, nochor, o`limga mahkumlardir. Ular faqat doktor Lizaga kerak edi. Har kuni doktor Liza kichkina bo`lsa-da, nedir mo``jizaga qo`l urardi. Bugun esa bu chinakam inson oramizda yo`q. Biz unga marsiya o`qib o`tirmoqlikdan ko`ra, uning ezgu va savob ishlarini eslashni ma`qul ko`rdik. Ham faxrlanmoq, ham ibrat olmoq uchun-da bu insonni xotirlaymiz.
Palliativ tibbiyot bilan shug`ullana boshladi
Palliativ tibbiyot bedavo dardga chalingan, o`limga mahkum bo`lgan insonlar va ularning yaqinlariga ham ruhan, ham jismonan yordam berish bilan shug`ullanadi.
Ma`lumoti bo`yicha Elizaveta Petrovna — bolalar jarroh-anesteziologi edi. Agar shu sohadan ketganda, ajoyib shifokor bo`lardi. Lekin taqdir taqozosini qarangki, AQShda tibbiyot diplomini olib, tasodifan palliativ yordam bo`limiga tushib qoldi.
“Bu voqea ancha yil ilgari bo`lgandi, palliativ yordam bo`limi qanday joy ekanini xayolimga ham keltirolmasdim. Viveska oldida turib, bu qanday joy, deb so`radim. Erim, “Bu er o`limga mahkumlar joyi”, dedi”.
Elizaveta Petrovna o`limni yoqtirmaydi emas, hatto undan nafratlanishini bir necha marotaba takrorlagandi. Lekin o`shanda u o`zini qo`lga olib, ichkariga kiradi. U bu haqda shunday degan edi:
“Berlingtondagi kichkinagina xospisni – 24 ta bemorning har qanday istagini bajo keltirayotgan tibbiy xodimlarini, o`lim ostonasidagi odamlarning top-toza, to`yib ovqatlanganini, xush-xandon ekanliklarini ko`rib, hayotim tubdan o`zgardi”.
Besh yil davomida Elizaveta Petrovna ko`ngilli sifatida xospisga keladi va davolashni emas, g`amxo`rlik qilishni o`rganadi. Amerikada ilk palliativ tibbiyot bo`yicha mutaxassislik ochilganda, birinchilardan bo`lib, ta`lim oladi. 1999 yili Kievda onkologiya kasalxonasida birinchi xospisga asos soladi.
“Mening ichki dvigatelim – bu mehr-muhabbat. Bemorlarimizni judayam yaxshi ko`raman. Aslida men va xospisda yotgan Marivanna o`rtasida farq bitta: u qachon o`lishini biladi, men esa bilmayman”.
O`z bemorining bolasini qaramog`iga oldi
Saratovlik 13 yoshli Ilyusha 2008 yili Glinka oilasida dunyoga keldi. Doktor Lizaning bemori vafot etgach, Ilyaning onasi o`smirni bolalar uyiga jo`natmoqchi bo`ladi. Dafn marosimidan so`ng darhol Elizaveta Petrovna organga borib, bolani o`z qaramog`iga olishga ariza beradi.
Hozir Ilya 22 yoshli yigit. Uch yil avval u Elizaveta Petrovnaga ilk nevara sovg`a qildi. Ijtimoiy tarmoqdagi sahifasiga Ilya onasi bilan tushgan suratini qo`yib, “Ishongim kelmaydi”, deb yozdi.
Jangovor harakatlardagi hududlardan yuzdan ortiq bolani olib chiqqan
Doktor Liza Ukrainadagi jangovor harakatdagi zonalardan ikki yil to`xtovsiz bolalarni olib chiqqan. Shu vaqt ichida yuzdan ortiq mitti bemorlarni qutqargan.
“Snob” nashriga yozgan maqolasida jurnalist Kseniya Sokolova shunday eslaydi. O`shanda u Elizaveta Petrovnani Doneskka kuzatib borgandi. U erdan ular 13 ta bolani olib chiqishlari kerak edi, ammo 10 tasinigina olib chiqishadi. Yana 50 ta bolakay yordam kutib qolishadi. Hammasini nega birdaniga olib chiqish mumkin emas, degan savolga doktor Liza shunday javob qiladi:
...biz faqat bitta avtobus olishimiz mumkin, kolonnani o`qqa tutishlari turgan gap.
Doktor Liza bundan tashqari Donbassdan yana 17 bolani Moskva kasalxonalariga olib keldi.
Ulyanovskda ilk bolalar palliativ bo`limini ochdi
Ulyanovsk Elizaveta Petrovna Glinkani hech qachon unutmaydi. Aynan doktor Lizaning sharofati bilan 2013 yili shu maxsus bolalar uyida ilk bolalar palliativ bo`limi ochildi. “Rossiyskaya gazeta”ga bergan intervyusida Glinka shunday deydi:
“Men mazkur bo`limni boshqaraman. Bolalar nafaqat kislorod konsentratorlari, tagliklar va boshqa zarur dori-darmonlar, balki qo`letmas kerakli materiallar bila ta`minlanishini istayman. Hech kimga sir emaski, bunaqa joylar qoldiq harajatlar hisobiga qoplanmoqda. Bu bolalarni hech kim qaramog`iga olmaydi, ular hech qachon tuzalib ketmaydilar. Ammo ular o`zlarini bamaylixotir his etishlari uchun ularga madad qo`lini qo`zish mumkin-ku. Agar nafasi qissa, kislorod berish, noqulay o`tirgan bo`lsa, qulayroq bo`lishiga ko`maklashish lozim. Xorijdagi xospislarda ko`plab maxsus qulayliklarni ko`rish mumkin, bizda esa bunday emas. Axir, ishni nimadandir boshlash kerak-ku...”
Doktor Liza Rossiyaning barcha hududlaridagi har bir maxsus bolalar uyida mana shunday bo`limlarni ochish niyatida edi.
Jangovor harakatlar zonasiga dori-darmonlar olib kelgan
“Adolatli yordam” fondida tasdiqlashdiki, o`zining oxirgi reysida Elizaveta Petrovna Latakiyadagi universitet gospitaliga onkologik bemorlar, yangi tug`ilgan chaqaloqlar uchun dori-darmonlar olib borgan. O`limidan sal ilgari Kremlda davlat mukofoti topshirilishida Elizaveta Petrovna shunday nutq so`zladi:
“Donbassda o`ldirilgan va yarador bolalarni ko`rish men uchun og`ir. Suriyadagi bemor va o`ldirilgan bolalar. Oddiy shaharlik ayol hayotini begunoh insonlar qoni to`kilayotgan 900 kunlik urush davriga o`zgartirish mushkul holat”.
Hayhot, doktor Liza nima deyayotganini yaxshi tushunib turardi. Nutq so`ngidagi so`zlari ham go`yo bashoratmonand edi:
“Ortga tirik qaytishimizga ishonchim komil bo`lmagan, chunki urush – er yuzidagi do`zaxdir. Men nima deyayotganimni yaxshi anglab turibman. Lekin shunga aminmanki, ezgulik, mehr-muhabbat, yaxshilik har qanday quroldan kuchliroqdir”.
Doktor Liza 2016 yilning 25 dekabr kuni urush bo`layotgan Suriyaga dori-darmon olib ketayotganda, Sochi yaqinida aviahalokatga uchrab, halok bo`ldi.






