Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 22 dekabr kuni Oliy Majlisga Murojaatnomasida Moliya vazirligi tizimidagi sobiq vazir va sobiq boshqarma boshlig`ining ish uslubini jiddiy tanqid qilgan edi.
Davlatimiz rahbari tanqid qilgan Ella Ostrogojskaya aslida kim bo`lgan?
Ijtimoiy tarmoqlarda Ella Ostrogojskayaning aql bovar qilmas darajada "o`zlashtirib yuborilgan" mablag`lari va uning chet elda o`qib, o`sha erda yashab qolgan farzandi haqida bayon etilgan. Shuningdek, chet davlatlarda qimmatbaho mulklari borligi va boshqa mamlakatning fuqaroligiga ega ekanligi qayd etilgan.
Bizda bu faktlarni tasdiqlovchi aniq ma`lumotlar yo`q. Qo`limizdagi rasmiy ma`lumotlarga qaytamiz, deb yozadi O`zA.
E.Ostrogojskaya ko`p yillar Moliya vazirligining Davlat byudjeti bosh boshqarmasining boshlig`i lavozimida ishlagan. Faoliyati davomida respublika iqtisodiyotiga va davlat byudjetiga katta zarar etkazgan. O`zini xon, ko`lankasini maydon, deb hisoblagan bu xonim byudjet profisiti ko`rsatkichlarini soxtalashtirish, bu orqali esa soxta obro`-e`tibor qozonishga harakat qilgan.
Har yili hisobot yilining 15 dekabridan boshlab byudjet tashkilotlari bo`yicha barcha turdagi harajatlarni, shu jumladan oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zaruriy to`lovlarni sun`iy to`xtatib qo`ygan. Sobiq vazir bilan til biriktirib Davlat rahbariga yolg`on hisobot berishni odatiy holga aylantirgan.
Oqibatda hududlarning rejadan oshirib bajargan daromadlari respublika byudjetiga majburan olib qo`yilgan. Ularning ustidan hukm o`tkazib, bosh egib kelmaguncha erkin mablag`lar qoldig`i ularning ixtiyoriga berilmagan.
Vaziyat shungacha borganki, E.Ostrogojskaya sobiq vazir va Xodimlar boshqarmasining sobiq boshlig`i bilan til biriktirib, vazir o`rinbosarlariga ham tazyiq o`tkaza boshlagan. O`ziga yoqmaganlarning lavozimini pasaytirgan yoki ularni ishdan bo`shatib, qutilib qo`yaqolgan.
Birgina misol: hududlarning moliyaviy haq-huquqlarini himoya qilgan vazir o`rinbosarlaridan birini dastlab, Jamg`armaga, keyinchalik eng quyi bo`g`inga ishga yuborgan.
Bugungi kunda haqiqat qaror topib, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan mazkur shaxs munosib lavozimga tayinlandi.
Davlat byudjeti loyihasini tayyorlashda xalqimizning eng zarur ehtiyojlari umuman hisobga olinmagan.
Shu o`rinda bir fakt: 2016 yilda Davlat byudjetidan Tez tibbiy yordamning bir chaqiruvi uchun bor-yo`g`i 483 so`m ko`zda tutilgan. Respublika bo`yicha jami dori-darmon va tibbiyot vositalariga 229 milliard so`m mablag` ajratilgan. Bu raqamlarni taqqoslash uchun 2018 yil Davlat byudjeti parametrlarida Tez tibbiy yordamning bir chaqiruvi uchun 5 000 so`m yoki jami dori-darmon va tibbiyot vositalariga 915 milliard so`m (4 baravarga ko`p) rejalashtirilganligini ko`rsatib o`tish mumkin. Endi tasavvur qiling: Tez tibbiy yordamning bir chaqiruvi uchun 483 so`m belgilagan bu «jonkuyalar» nahotki ketadigan xarajatlarni hisobga olmagan bo`lsa?
Bitta shpris yoki bint ham bundan qimmat-ku?
Texnika xarajatlari, shifokorning bir kunlik mehnatini kim qoplaydi?
Aslida Tez tibbiy yordamga chaqirilgan shifokorning ko`zingizga qarab turishiga, jamiyatimizda korrupsiyaga yo`l ochgan shaxslar shular emasmikan?!
Bu hali bir sohaning bir yo`nalishi. Endi davlat byudjetini tasavvur qilavering!






