Sudning qarori bilan D.Rahmatullaev O`zbekiston Respublikasi MJtK 41-moddasida nazarda tutilgan ma`muriy huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, eng kam ish haqining 30 baravari miqdorida jarima jazosi qo`llanilgan.Bu haqda O`zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tekshirish davomida viloyat prokuraturasi tomonidan kiritilgan taqdimnoma asosida xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi tomonidan D.Rahmatullaevni ma`muriy javobgarlikka tortishga rozilik berish to`g`risida qaror qabul qilingan.
Tekshirish natijasiga ko`ra, D.Rahmatullaevga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 41-moddasi (haqorat qilish, ya`ni shaxsning sha`ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) bilan ma`muriy huquqbuzarlikka oid ish qo`zg`atilib, ko`rib chiqish uchun sudga yuborilgan.
Eslatib o`tamiz, Andijon shahar hokimi D.Rahmatullaev shu yilning 16 oktyabr kuni shahardagi bir qator ta`lim muassasalari rahbarlarini nojo`ya so`zlar bilan haqorat qilganligi yozilgan audioyozuv internetda tarqalgan va bu holat yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tomonidan tekshirish boshlanganligi xabar berilgandi.






