2017 yilda dasturga muvofiq mamlakatimiz hududlarida barcha qulaylikka ega bo`lgan uch turdagi 15 mingta yangi zamonaviy loyihalar bo`yicha arzon uy-joy qurilishi amalga oshirilmoqda.
Ayni paytda qurilishi to`liq tugallangan uylar bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda. 15 dekabrgacha 12 ming 819 ta uyning qurilishi yakunlandi.
O`zbekiston Milliy matbuot markazida “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan qishloq massivlarida yangilangan namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurilishi borasidagi chora-tadbirlar va 2018 yildagi vazifalarga bag`ishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
2009 yilda qabul qilingan Qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo`yicha yakka tartibda uy-joylar qurish dasturiga ko`ra uy quruvchining dastlabki badali 25 foizni tashkil etgan bo`lsa, yangi dasturda ushbu badal birinchi va ikkinchi turdagi uylar uchun 15 foizni tashkil etmoqda.
Joriy yilda yangi qurilayotgan uy-joy massivlarida davlat mablag`lari hisobiga infratuzilma inshootlari qurilishi amalga oshirilmoqda.






