2 sentyabr, shanba kuni "Zakovat" intellektual ko`rsatuvining ilk qaldirg`och bilimdonlaridan biri bo`lgan Farhod Akbarov vafot etdi. Bu haqda huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev o`zining Facebook`dagi sahifasida ma`lum qildi.

Farhod Akbarov "Zakovat"da 2001-2005 yillarda ishtirok etgan va o`z jamoasi bilan bir necha marta chempion bo`lgan.
"Farhod Akbarov ko`pchilik 'Zakovat' bilimdonlari singari shaxsan men uchun ham haqiqiy afsona edi! Aynan ularning o`yinlarini ko`rib, ularning bilimdonligiga havas qilib, qalbimizda 'Zakovat'ga bo`lgan mehr, ishtiyoq paydo bo`lgan. 'Zakovat'ga dastlabki yillaridan muxlis bo`lgan inson borki, hammasi Farxod Akbarov jamoasining o`yinidan rohat olishgan, o`zgacha shavq bilan tomosha qilishgan. Dastlabki taassurot kuchli bo`ladi, deyishadi. 'Zakovat'ning ilk yillari Farxod Akbarov kabi kuchli bilimdonlar bilan boshlangani ko`rsatuvning kelajagi uchun katta yutuq bo`lgan, deb bemalol aytish mumkin",—deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiev.






