Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi “Olot” chegara bojxona kompleksi xodimlari tomonidan temir yo`l konteynerida Xitoydan yuborilgan yuklar bojxona ko`rigidan o`tkazildi. Tekshiruvlar natijasiga ko`ra, Farg`ona shahridagi “Namuna savdo minbari” mas`uliyati cheklangan jamiyati nomiga yuborilgan yirik miqdordagi tovar-moddiy boyliklarning noqonuniy ravishda olib kirilayotgani aniqlandi.
Yo`l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko`ra, ushbu konteynerda qiymati 4,5 ming AQSh dollarini tashkil qiluvchi 25 tonna 800 kilogramdan ortiq og`irlikdagi kafel bo`lishi kerak edi. Ammo ushbu tovarlar o`rniga hujjatlarda umuman ko`rsatilmagan, qiymati 3,7 milliard so`mdan ortiq kiyim-kechak borligi aniqlandi. Qonunbuzarlar bu xatti-harakati bilan davlat byudjetiga undirilishi lozim bo`lgan 4 milliard so`mdan ortiq bojxona to`lovlaridan bo`yin tovlagan.
Ma`lumki, amaldagi tartiblarga muvofiq, O`zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o`tilayotgan tovarlarni deklarasiya qilmaslik yoki noto`g`ri deklarasiyalash, ya`ni tovarlar, ularning bojxona rejimi va boshqalar haqida bojxona maqsadlari uchun zarur bo`lgan belgilangan yozma, og`zaki yoki boshqa shakldagi ma`lumotlarni bermaslik yoki noto`g`ri ma`lumotlar berish belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo`lib xizmat qiladi.
Bundan tashqari, xorijiy fuqaro A.Abdulkexxar boshqaruvida Turkiyadan mamlakatimizga etib kelgan yuk avtotransport vositasi ham o`rnatilgan tartibda bojxona ko`rigidan o`tkazilganda navbatdagi bojxona qoidabuzarligi fosh bo`ldi.
Yo`l-yuk kuzatuv hujjatlariga ko`ra, Toshkent shahridagi “Endless Business LLC” korxonasi nomiga keltirilayotgan yuklar aslida qiymati 20 ming AQSh dollarini tashkil qiluvchi 23 tonnadan ortiq qurilish materiallari bo`lishi lozim edi.
Ammo, bojxona ko`rigi davomida konteynerdagi tovarlar bilan yo`l-yuk kuzatuv hujjatlaridagi ma`lumotlar o`rtasida tafovut mavjudligi, mazkur tovarlar hujjatlardagidan ortiqcha miqdorda ekanligi aniqlandi. Hisob-kitoblarga ko`ra, yo`l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilmagan qurilish materiallarining umumiy qiymati 648 million so`mni tashkil qildi.
Hozir ushbu tovarlar vaqtincha saqlovga olib qo`yildi va mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
31.08.2017 15:56
QIYMATI 3,7 MILLIARD SO`MDAN ORTIQ KIYIM-KEChAKNING RESPUBLIKA HUDUDIGA NOQONUNIY RAVIShDA OLIB KIRILIShIGA ChEK QO`YILDI






