Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 26 avgustdagi farmoniga muvofiq “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganlar orasida Qoraqalpog`iston Respublikasi Qanliko`l tumanidagi Qo`sjap ovulida yashayotgan 102 yoshli Tojigul momo Alliyarova ham bor.
Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayrami arafasida Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi raisi M.Erniyazov Tojigul momoning uyida bo`lib, Prezidentimiz nomidan onaxonga davlatimizning yuksak mukofoti – “Shuhrat” medalini topshirdi, deya xabar berdi UzA.
Tojigul momo bir asrdan ziyod umri davomida ko`p sinovlar – qatag`on yillari, Ikkinchi jahon urushining og`ir kulfatlari, urushdan keyingi qiyinchiliklarni boshidan kechirdi. Butun umr qishloq xo`jaligi sohasida mehnat qildi. Bir o`g`il, bir qizni tarbiyalab voyaga etkazdi.
– Bugungidek tinch-osoyishta, farovon hayot ko`rmaganman, – deydi Tojigul momo. – Yaratganga shukr, shunday kunlarni ko`rish nasib etdi. Yoshlar uchun barcha sharoit va imkoniyatlar bor, to`y ustiga to`ylar bo`lib turibdi. Iloyo, yurtimiz bundan-da farovon, yoshlarimiz baxtli bo`lsin!
Bir asrdan ortiq umr ko`rgan Tojigul momoga bayram sovg`alari topshirildi.






