Toshkent shahrida 15 ta transport vositasi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Hodisa Mirzo Ulug‘bek tumanida qayd etilgan. Ma’lum qilinishicha, 5 may kuni soat 16:25 larda M. Ulug‘bek ko‘chasida “Equinox” rusumli avtomobilda 75 yoshli haydovchining sog‘ligi harakat vaqtida yomonlashgan va u boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada u svetoforning qizil chirog‘ida to‘xtab turgan bir nechta avtomobillarga urilib, ketma-ket to‘qnashuv sodir etgan. Oqibatda jami 15 ta transport vositasi turli darajada texnik shikastlangan. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar yo‘q. “Equinox” haydovchisi tan jarohati olgan holda shifoxonaga yetkazilgan. Hozirda holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.






