Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Armanistonga tashrifi chog‘ida kutilmagan “musiqa kechasi”ning bosh qahramoniga aylandi. U Nikol Pashinyan bilan bir sahnada mashhur qo‘shiqni jo‘rlikda kuylab, ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Kecha, 4 may kuni Yerevanda o‘tgan davlat ziyofati davomida siyosatchilar La Bohème’ni ijro etgan. Lavhalarni “Franceinfo” telekanali e’lon qildi.
Video kadrlarida Makron mikrofon bilan royal yonida o‘tirgani, musiqa asbobini esa armanistonlik musiqachi Vaagn Ayrapetyan chalayotgani ko‘rinadi. Shu payt Pashinyan baraban orqali jo‘r bo‘lib, “sahnadagi trio”ni to‘ldirgan.
Tadbir ishtirokchilari esa bu noodatiy chiqishni telefonlariga suratga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. Armaniston Prezidenti Vaagn Xachaturyan ham voqeani tabassum bilan kuzatgan.
Ma’lumot uchun, ushbu kulish va qo‘shiqqa boy kecha Yevropa siyosiy hamjamiyati sammiti doirasida o‘tkazilgan. Tadbirda 50 dan ortiq davlat delegatsiyalari ishtirok etmoqda.






