Toshkent shahar IIBB maʼlumotiga koʻra, jinoyat-qidiruv boʻlimi xodimlari ayolning hayotini saqlab qolish maqsadida uning oʻlimini sahnalashtirish boʻyicha maxsus tezkor tadbir oʻtkazgan. Bu jarayonda jabrlanuvchi ayolning hamkorligi va oldindan ishlab chiqilgan tadbir muhim rol oʻynagan.
Ayolni oʻldirish uchun yollangan shaxs esa tezkor maʼlumotlar asosida avvalroq ichki ishlar organlari nazoratiga olingan va keyinchalik huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilgan.
Shundan soʻng 20 aprel kuni oʻtkazilgan tezkor tadbirda yollanma qotil buyurtmachi bilan uchrashib, unga turmush oʻrtogʻi oʻldirilgani haqida xabar bergan. Bu xabarni eshitgan erkak qolgan haqning bir qismi sifatida 6,5 million soʻm hamda jabrlanuvchi nomidagi qora rangli Tracker avtomobilini topshirgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan, tergov harakatlari davom etmoqda.
2026 yil 27 yanvar kuni Samarqand viloyatida yollanma qotillik jinoyatini sodir etishning oldi olingandi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida tanishini oʻldirishni rejalashtirgan shaxslar qoʻlga olingan.






