Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi ishlari joriy yil iyul oyida boshlanishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik (DXSh) shartnomasi may oyi o‘rtalariga qadar imzolanishi kutilmoqda. Hujjat hozirda yakuniy bosqichda turibdi.
"Prezident tomonidan iyuldan qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha aniq topshiriq berilgan", — dedi u.
Loyiha doirasida yirik konsorsium ishtirok etmoqda. Asosiy kelishuv xususiy investor bilan imzolanib, unda barcha shartlar belgilab olinadi.
Ma’lum qilinishicha, yangi aeroport ochilgandan so‘ng amaldagi Toshkent aeroporti yopilishi mumkin. Hozircha uning o‘rnida qanday obyekt qurilishi aniq emas.
Choriyevning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda havo qatnoviga bo‘lgan talab yillik taxminan 30 foizga o‘smoqda. Amaldagi aeroport esa 2029 yilga borib o‘z imkoniyatlarini to‘liq ishlatib bo‘lishi kutilmoqda.
Shu sabab yangi aeroport kamida ikki baravar ko‘proq reyslarni qabul qilish va jo‘natish imkoniyatiga ega bo‘lishi rejalashtirilgan.






