Hujjat 5 may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Loyihaga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlayotgan erkaklar farzand dunyoga kelganda qisqa muddatli, haq to‘lanadigan ta’til olish huquqiga ega bo‘lishi mumkin. Bu tashabbus oilada yangi tug‘ilgan chaqaloq va onaga ko‘mak berish, shuningdek, oilaviy majburiyatlarni yengillashtirish maqsadida ilgari surilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Milliy tiklanish” partiyasi fraksiyasi muhokamalarida ta’kidlanishicha, yangi tartib ishlayotgan otalarga farzand tug‘ilganidan keyin 5 kungacha haq to‘lanadigan ta’til olish imkonini beradi. Bu ta’til bir oy ichida olinishi mumkin.
Deputat Nodir Tilavoldievning aytishicha, mazkur norma oilaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasida faqat ijtimoiy yo‘nalish emas, balki mehnat bozorini tartibga solishga qaratilgan qator o‘zgarishlar ham nazarda tutilgan. Jumladan, norasmiy bandlikni kamaytirish, ish haqini kechiktirgan ish beruvchilar uchun javobgarlikni kuchaytirish ham rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, ishga qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yangi tartibga ko‘ra, ko‘plab hujjatlar talab etish amaliyoti qisqartirilib, asosiy ma’lumotlar shaxsiy identifikatsiya raqami orqali tekshirilishi mumkin bo‘ladi. E-imzo va biometrik identifikatsiya ham yuridik jihatdan teng kuchga ega hujjat sifatida qabul qilinadi.
Qonun loyihasida mehnat jarayonida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashish, xodimlarni himoya qilish bo‘yicha ham yangi normalar kiritilgan.






