AsosiyJamiyat

Mirziyoyev korxonalarni “oyoqqa turğizish” va tadbirkorlar muammolarini hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish hamda tadbirkorlarni qiynab kelayotgan muammolarni hal etishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi.

'Mirziyoyev korxonalarni “oyoqqa turğizish” va tadbirkorlar muammolarini hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi'ning rasmi

So‘nggi yillarda mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq sanoatdagi mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, avval ishga tushirilgan korxonalarni barqaror ishlashini ta’minlash ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.

Taqdimotda turli sabablarga ko‘ra to‘liq quvvatda ishlamayotgan va tushumi pasaygan korxonalar tahlil qilindi. Bunday holatlar asosan to‘qimachilik, qurilish materiallari, oziq-ovqat, neft-kimyo va elektrotexnika sohalarida kuzatilayotgani qayd etildi.

Mutaxassislar aylanma mablag‘ etishmasligi, infratuzilma muammolari, loyihalar kechikishi, uskunalar eskirgani, xomashyo ta’minotidagi uzilishlar va talabning pasayishi kabi omillar korxonalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirgan. Shu muammolar bartaraf etilsa, qo‘shimcha 65,6 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilish imkoniyati mavjudligi aytildi.

Shu munosabat bilan har bir korxonani alohida o‘rganib, ularni to‘liq quvvatga chiqarish bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi belgilandi. Bu maqsadda davlat idoralari va banklar ishtirokida respublika shtabi tuziladi. Uning vakillari joylarga chiqib, ikki hafta ichida muammolarni aniqlab, joyida hal etish choralarini ko‘radi.

Faoliyatini tiklash imkoni bor korxonalarga kredit ajratish, aylanma mablag‘ bilan ta’minlash, infratuzilma va xomashyo masalalarini hal qilish ishlari kuchaytiriladi.

Shuningdek, tijorat banklari balansidagi yirik aktivlarga ham e’tibor qaratildi. Hozirda qiymati 10 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan 70 ta mol-mulkni iqtisodiyotga qayta jalb qilish, ularga investor topish va ishlab chiqarishga yo‘naltirish bo‘yicha mexanizmlar ishlab chiqiladi.

Taqdimotda investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirilgan loyihalar samaradorligi ham muhokama qilindi. Qayd etilishicha, 2021–2025 yillarda ishga tushirilgan ayrim korxonalar o‘z faoliyatini soliq va statistika hisobotlarida to‘liq aks ettirmayapti. Mas’ullarga bu holatni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, tadbirkorlar e’tiroziga sabab bo‘layotgan qator ma’muriy to‘siqlar ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, peshlavhalarni reklama sifatida baholash amaliyotini bekor qilish, soliq va moliyaviy jarimalar tizimini soddalashtirish, naqdsiz to‘lovlar infratuzilmasini yaxshilash, keshbek tizimini takomillashtirish kabi takliflar ilgari surildi.

Tashqi iqtisodiy faoliyatni yengillashtirish maqsadida ortiqcha hujjatbozlikni qisqartirish, tadbirkorlarga xorijda savdo uylari ochish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish ham rejalashtirilmoqda.

Davlat rahbari tadbirkorlik uchun ortiqcha to‘siqlarni kamaytirish, nazorat mexanizmlarini soddalashtirish va raqamlashtirishni biznes uchun qulay vositaga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilish yakunida mutasaddilarga sanoat quvvatlarini to‘liq ishga solish, korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, eksportni oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar

    'Xivaga 7,5 soatda: "Jaloliddin Manguberdi" tezyurar poyezdi ilk qatnovni amalga oshirdi'ning rasmi

    Jamiyat Bugun 13:54

    Xivaga 7,5 soatda: "Jaloliddin Manguberdi" tezyurar poyezdi ilk qatnovni amalga oshirdi

    Keyingi yillarda hurmatli Prezidentimizning tashabbusi bilan Xorazm viloyatida transport-kommunikatsiya tizimini rivojlantirishga xizmat qiladigan bir nechta yirik loyihalar amalga oshirildi.

    'Endi otalarga ham farzand tug‘ilganda ta’til berilishi mumkin'ning rasmi

    Jamiyat Bugun 09:47

    Endi otalarga ham farzand tug‘ilganda ta’til berilishi mumkin

    O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan yangi qonun loyihasi jamoatchilik e’tibor markaziga tushdi.

    'Makron va Pashinyan sahnada — siyosatchilar qo‘shiq kuy lab “shou” qildi'ning rasmi

    Jamiyat Bugun 09:08

    Makron va Pashinyan sahnada — siyosatchilar qo‘shiq kuy lab “shou” qildi

    Video kadrlarida Makron mikrofon bilan royal yonida o‘tirgani, musiqa asbobini esa armanistonlik musiqachi Vaagn Ayrapetyan chalayotgani ko‘rinadi.

    '"Yangi Toshkent" aeroporti qurilishi iyulda boshlanishi kutilmoqda'ning rasmi

    Jamiyat Bugun 07:14

    "Yangi Toshkent" aeroporti qurilishi iyulda boshlanishi kutilmoqda

    Bu haqda transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev ma’lum qildi.

    '"Jaloliddin Manguberdi" poyezdi Toshkent — Xiva yo'nalishida ilk reysini boshladi'ning rasmi

    Jamiyat Bugun 05:55

    "Jaloliddin Manguberdi" poyezdi Toshkent — Xiva yo'nalishida ilk reysini boshladi

    Bu haqda davlat kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

    'Toshkentda xotinini o‘ldirish uchun yollanma qotilga 10 ming dollar taklif qilgan erkak ushlandi'ning rasmi

    Jamiyat Bugun 05:18

    Toshkentda xotinini o‘ldirish uchun yollanma qotilga 10 ming dollar taklif qilgan erkak ushlandi

    Hozirda mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.