AsosiyJamiyat

WOSCU va Islom sivilizatsiyasi markazi Buyuk Britaniyadan yo‘qolgan merosni qaytarishga erishdi

Londonda, O‘zbekiston Respublikasining Elchixonasida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuk Temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida xalqaro media-tadbir bo‘lib o‘tdi.

'WOSCU va Islom sivilizatsiyasi markazi Buyuk Britaniyadan yo‘qolgan merosni qaytarishga erishdi'ning rasmi

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati (WOSCU), Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YeXHT), o‘g‘irlangan, yo‘qolgan va noqonuniy olib chiqilgan san’at asarlari, antikvariat va madaniy boyliklarni qidirish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro ixtisoslashtirilgan kompaniya — Art Loss Register, Metropolitan Police Service, Britaniyaning tegishli tuzilmalari hamda xalqaro ekspertlar hamkorligida O‘zbekistonga jahon ahamiyatiga ega nodir va noyob shedevrlar qaytarilmoqda.

Londonda, O‘zbekiston Respublikasining Elchixonasida buyuk davlat arbobi va sarkarda Amir Temur tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlangan “Buyuk Temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida xalqaro media-tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda yetakchi britan va xorijiy tarixchilar, sharqshunoslar, diplomatik korpus vakillari, ilmiy jamoatchilik, madaniy doiralar va xalqaro tashkilotlar ishtirok etdi. Kecha davomida Amir Temur shaxsiyati, uning jahon tarixidagi o‘rni, Temuriylar davri yutuqlari, shuningdek O‘zbekistonda tarixiy merosni asrashga qaratilgan zamonaviy tashabbuslar haqida maxsus materiallar taqdim etildi. Tadbirning alohida voqeasi sifatida jahon miqyosidagi mashhur britan aktyori ser Ben Kingsli ishtirokida yaratilgan “Temuriylar oltin davri” nomli yangi qisqametrajli film premyerasi namoyish etildi.

WOSCU tomonidan “O‘zbekiston madaniy merosi Jahon to‘plamlarida” turkumi doirasida tayyorlangan yangi nashr — Firuza Melvilning Kembrij universiteti kutubxonalaridagi Markaziy Osiyo qo‘lyozma merosiga bag‘ishlangan kitobi taqdimoti ham katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirning eng muhim qismi O‘zbekistonga madaniy boyliklarni qaytarish marosimi bo‘lib, u ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Qaytarilgan buyumlar orasida Markaziy Osiyo tarixining turli davrlariga oid o‘nta bebaho artefakt bor. Ular orasida Kushonlar davri madaniyati, qadimgi Termiz, buddaviy san’at an’analari va Sug‘d merosi bilan bog‘liq topilmalar mavjud. Ayrim ashyolar milodiy II–VIII asrlarga tegishli. Shuningdek, qaytarilgan meros orasida podshohlik shaxsiga tegishli bo‘lgan noyob temuriylar davri kenotafi ham bor.

— Tarixiy artefaktlarni qaytarish bir necha oy davom etgan keng qamrovli va murakkab xalqaro hamkorlik natijasi bo‘ldi. Bu jarayonda turli mamlakatlardan o‘nlab mutaxassislar, ekspertlar, huquqshunoslar, san’atshunoslar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar ishtirok etdi. Qaytarish jarayoni mazkur ashyolar O‘zbekiston hududidan kelib chiqqan bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot tushganidan so‘ng boshlandi. Keyinchalik xorijiy mutaxassislar, WOSCU a’zolari, san’at tarixi bo‘yicha olimlar va madaniy meros ekspertlari ishtirokida xalqaro ishchi guruh tuzildi. Bugun ushbu muhim dasturni amalga oshirishda ishtirok etgan barcha hamkorlarga, ayniqsa YeXHT, Art Loss Register, Metropolitan politsiyasi, Britaniya davlat tuzilmalari, xalqaro ekspertlar va barcha sheriklarga samimiy minnatdorlik bildiramiz, — dedi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU boshqaruv raisi Firdavs Abduxaliqov.

Qaytarish jarayonida WOSCU hal qiluvchi o‘rin tutdi. U so‘nggi yillarda O‘zbekiston madaniy merosini xorijiy to‘plamlardan izlash, o‘rganish va qaytarish bo‘yicha eng samarali xalqaro mexanizmlardan biriga aylandi.

— Buyuk Britaniya huquqni muhofaza qilish organlari uchun madaniy boyliklarni qonuniy egasiga qaytarish noqonuniy aylanmaga qarshi kurashda muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Biz bugun ushbu madaniy boyliklarni O‘zbekiston xalqiga topshirish imkoniga ega bo‘lganimizdan faxrlanamiz. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning madaniyat, tarixiy xotira va milliy merosni qaytarish masalalariga qaratayotgan yuksak e’tiborini ko‘rib turibmiz. Bu kabi tashabbuslar uchun muhim sharoit yaratadi va turli mamlakatlarni ezgu maqsad yo‘lida birlashtiradi, — dedi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash bo‘limi rahbari, detektiv-superintendent Kerri Vud.

Mutaxassislar bahosiga ko‘ra, qaytarilgan obyektlar orasida milodiy II–V asrlarga tegishli bo‘lgan gips va terrakotadan ishlangan haykal boshlari alohida ahamiyatga ega. Bunday asarlar Kushonlar davri madaniyati va qadimgi Termizning buddaviy san’at markazlari — Qoratepa, Fayo‘ztepa va Dalverzintepaga xosdir. Shuningdek, qadimiy devoriy rasm parchalari ham katta qiziqish uyg‘otadi. Ularning ayrimlari VII–VIII asrlarga oid sug‘diy an’analar yoki O‘zbekiston janubidagi yanada qadimiy monumental maktablar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

— Qaytarilgan buyumlar o‘ta katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega. Ular hozirgi O‘zbekiston hududining turli davrlariga tegishli bo‘lib, Markaziy Osiyoda asrlar davomida kechgan sivilizatsion jarayonlarni aks ettiradi, — dedi O‘zbekiston Respublikasi Antropologiya instituti direktori, doktor Farhod Maqsudov.

Toshkentga keltirilgandan so‘ng, ushbu ashyolar qo‘shimcha atributsiya, restavratsiya tekshiruvi va ilmiy tavsifdan o‘tkaziladi. Bu ularni xalqaro ilmiy muomalaga kiritish va O‘zbekiston tarixiy xotirasining qaytarilgan qismi sifatida keng jamoatchilikka ilk bor namoyish etish imkonini beradi.

Marosim doirasida rasmiy hujjatlar imzolandi va qaytarilgan madaniy boyliklarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga qonuniy topshirishni tasdiqlovchi sertifikatlar almashildi. Bu voqea xalqaro hamkorlik, tarixiy adolatni tiklash va bebaho relikviyalarni o‘z Vataniga qaytarishning muhim ramzi bo‘ldi.

— Bu voqea yangi bosqichning boshlanishi bo‘lishi mumkin: Londondan so‘ng O‘zbekistondan chiqqan ashyolar saqlanayotgan boshqa mamlakatlarda ham shunday jarayonlar kuzatilishi ehtimoldan holi emas. Bunday misollar xalqaro hamkorlik va madaniy merosga mas’uliyatli munosabat tarixiy adolatni tiklashga xizmat qilishini ko‘rsatadi, — dedi Art Loss Register raisi Jeyms Ratkliff.

Ushbu voqea xalqaro hamkorlik, ishonch, huquqiy mas’uliyat va tarixiy adolatni tiklashning muhim timsoliga aylandi.

    Boshqa yangiliklar