Davlat rahbari dastlab Salar kanali ustida qurilgan ko‘prikni borib ko‘rdi, atrofdagi ko‘kalamzorlashtirish ishlari bilan tanishib, ko‘chat ekishda ishtirok etdi. Shundan so‘ng hokimlik binosida yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Tashrif chog‘ida Prezidentning 1992–1996 yillarda tuman hokimi sifatida faoliyat yuritgan davriga oid xizmat kabineti va avtomobili qayta tiklangan holda namoyish etildi. Davlat rahbari o‘sha davrda qabul qilingan muhim qarorlar va o‘z faoliyatiga oid xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, tumanda ilgari turli tashkilotlar faoliyati tarqoq holda olib borilgani, bu esa aholi murojaatlarini tezkor hal qilishga to‘sqinlik qilgani qayd etildi. Endilikda hokimlikda sun’iy intellekt asosida ishlovchi vaziyatlar markazi tashkil etilib, “Aqlli tuman” platformasi ishga tushirilgan.
Ushbu tizim orqali ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, murojaatlar ijrosi nazoratga olinadi hamda favqulodda holatlarda xizmatlar faoliyati tezkor muvofiqlashtiriladi. Platforma tarkibida “Xavfsiz tuman”, tadbirkorlikning raqamli xaritasi va “AI Davomat” kabi yo‘nalishlar ham mavjud.
Ma’lum qilinishicha, bunday tizimlar poytaxtning Chilonzor, Shayxontohur va Olmazor tumanlarida ham joriy etilgan. Prezident ushbu tajribani Toshkentning barcha tumanlarida kengaytirish bo‘yicha topshiriq berdi.






