Uning aytishicha, 12 aprel kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda “Fides” va Xristian-demokratik xalq partiyasi nomzodlarini 2,25 milliondan ortiq saylovchi qo‘llab-quvvatlagan. Orban bu natija 2014 yilda katta g‘alaba uchun yetarli bo‘lganini eslatib, bu safar esa mag‘lubiyatga olib kelganini qayd etdi.
Bosh vazir “Fides” hali ham mamlakatdagi eng uyushgan siyosiy kuch bo‘lib qolayotganini aytdi va partiya faoliyati davom etishini bildirdi. U yaqin haftalarda partiya qayta tashkil etilishi, barcha hududlarga tashriflar amalga oshirilishi va 28 aprel kuni umummilliy kengash yig‘ilishi o‘tkazilishini ma’lum qildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Fides partiyasi 199 o‘rinli parlamentda 56 mandatni qo‘lga kiritgan. G‘alaba esa Peter Madyar yetakchiligidagi “Tisa” partiyasiga nasib etib, ular 136 o‘rin bilan ko‘pchilikni qo‘lga kiritgan.
Madyar korrupsiyaga qarshi kurashish, islohotlar o‘tkazish va yangi konstitutsiya ishlab chiqishni va’da qilgan. Shuningdek, u mamlakatni Rossiyadan uzoqlashtirish va NATOdagi rolini kuchaytirish tarafdori ekanini bildirgan.
Orban esa Vladimir Putinning Yevropadagi asosiy hamkorlaridan biri sifatida ko‘riladi. Avvalroq, AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp ham uni qo‘llab-quvvatlagan.






