AsosiyJamiyat

Xorazmda Media haftalik: qisqa satrlarda

Bugun Xorazmda start olgan “Media haftalik”ni oddiy trening sifatida baholash to‘g‘ri emas.

'Xorazmda Media haftalik: qisqa satrlarda'ning rasmi

Birinchi kunning o‘ziyoq shuni ko‘rsatdi – bu yerda format emas, mediaga bo‘lgan yondashuv o‘zgaryapti.

Eng avvalo, e’tiborni tortadigan jihat – auditoriya tarkibi. Bu yerda faqat jurnalistlar emas, balki kontent yaratish zanjirining barcha bo‘g‘ini jamlangan: muharrir, muxbir, tasvirchi va montajchi. Bu esa o‘quv jarayonini bir tomonlama emas, kompleks tarzda tashkil etish imkonini beryapti.

Birinchi kun dasturiga qaraganda, asosiy urg‘u “nima qilish kerak” degan savolga emas, “qanday qilib yaxshiroq qilish mumkin” degan masalaga berilgan. Masalan, bosma va internet jurnalistikasida kontent muammolarini tahlil qilishdan boshlab, tahliyiy reportaj tayyorlashgacha bo‘lgan jarayon bir tizim sifatida ko‘rilyapti

Televideniye yo‘nalishida esa alohida bir tendensiya sezildi: operator va montajchi shunchaki texnik ijrochi emas, balki kontent muallifining bir qismi sifatida qaralyapti. Bu – hududiy media uchun jiddiy sifat o‘zgarishi.

Kunning ikkinchi yarmida muhokama qilingan mavzular esa media sohaning eng og‘riqli nuqtalarini qamrab oldi: axborot xavfsizligi, raqamli gigiyena, siyosiy jarayonlarni yoritishda aniqlik va mas’uliyat, shuningdek, korrupsiya mavzusini yoritishdagI yondashuvlar.

Eng muhimi – bu yerda tayyor javoblar berilmayapti. Ishtirokchilarga savol qo‘yilyapti, vaziyat berilyapti va yechimni o‘zlari topishga untalyapti.

    Boshqa yangiliklar