Toshkent metrosida poyezd 30 daqiqa davomida tunnel ichida to‘xtab qolgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan metropoliten axborot xizmati rasmiy izoh berdi.
Ma’lum qilinishicha, 28 mart kuni soat 11:49 da “Xalqlar do‘stligi” bekatiga kirib kelgan 15-sonli, 1984 yilda ishlab chiqarilgan harakat tarkibida qisqa muddatli texnik nosozlik aniqlandi.
Qayd etilishicha, nosozlik aniqlangach, mashinist poyezd nozigiga xabar bergan. Vaziyat nazoratga olinib, yo‘lovchilar bekatta tushirilgan hamda harakat tarkibi texnik ko‘rik yo‘lagiga olib chiqilgan.
Idora ijtimoiy tarmoqlarda metro poyezdlari to‘qnashgani haqidagi xabarlar asossiz ekanini ma’lum qildi. Metro bekatta texnik nosozlik sabab to‘xtab qolgan harakat tarkibi belgilangan tartibda ortidan kelayotgan boshqa poyezdga tirkama qilingan holda texnik ko‘rik yo‘lagiga olib ketilgan.
Shunga qaramay, ayrim sahifalarda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan ma’lumotlar tarqatilayotgani qayd etildi. Metropoliten ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini tekshirilmagan axborotlarni tarqatmamaslikka chaqirdi hamda yolg‘on xabarlar uchun amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlik borligini eslatdi.
“Toshkent metropoliteni” mazkur holat vaqtincha noqulayliklarga sabab bo‘lganini bildirib, yo‘lovchilardan uzr so‘radi hamda xavfsiz, uzluksiz va sifatli xizmat ko‘rsatish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.






