“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini joriy qilishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Ma’lum qilinishicha, qonun bilan Soliq va Fuqarolik kodekslari hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Xususan, ushbu qonun bilan:
- qonunchilikka islomiy bank faoliyati, islomiy moliya operatsiyalari, islomiy moliya standartlari hamda investitsion omomat (depozit) tushunchalari kiritilmog‘da;
- islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya joriy qilinib, mazkur litsenziyani olish bo‘yicha aniq talablar o‘rnatilmog‘da;
- islomiy bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega banklar tomonidan amalga oshiriladigan islomiy moliya operatsiyalari ro‘yxati keltirilmog‘da;
- islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi banklarga bevosita savdo faoliyatini amalga oshirishga hamda yuridik shaxslarni tashkil etish va yuridik shaxslarning ustav fondlaridagi ulushlarni yoki aksiyalarni cheklovlarsiz olishga ruxsat berilmog‘da;
- islomiy moliya faoliyati bilan bog‘liq masalalarni muvofiqlashtirish maqsadida Markaziy bank va banklarda islomiy moliya kengashini tashkil etish hamda uning faoliyatiga doir talablar belgilanmog‘da.
Shuningdek, islomiy moliya operatsiyalariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari belgilab berilmog‘da.
Islomiy moliya operatsiyalariga soliq solishning o‘ziga xos xususiyatlari
Qonunga ko‘ra, bankda 5 nafar a’zodan iborat bo‘lgan Markaziy bankning islomiy moliya kengashi tashkil etiladi.
Islomiy moliya faoliyati doirasida jami daromadlar tarkibiga quyidagi daromadlar kiritiladi:
- islomiy moliya faoliyati bo‘yicha mukofot tarzidagi daromad;
- islomiy sug‘urta va islomiy qayta sug‘urta tashkilotining sug‘urta, qayta sug‘urta qilish shartnomalari bo‘yicha daromadi.
Quyidagilar QQS solishdan ozod qilinadi:
- islomiy qimmatli qog‘ozlar (sertifikatlar) bilan bog‘liq operatsiyalar.
- islomiy moliya faoliyati doirasida ishonchli boshqaruv (vositachilik) shartnomalari asosida bank va mikromoliyaviy tashkilot tomonidan ishonchli boshqaruvning muassisiga (komitentga) pulli asosda ko‘rsatilgan xizmatlar;
- islomiy moliya faoliyati doirasida mol-mulkni moliyaviy ijaraga (islomiy ijaraga) berishda ushbu mol-mulkni moliyaviy ijaraga (islomiy ijaraga) berish bo‘yicha barcha ijara to‘lovlari summasi va sotib olish narxi o‘rtasidagi ijobiy farq;
- banklar va mikromoliyaviy tashkilotlar tomonidan islomiy moliya faoliyati doirasida tuziladigan shartnomalar bo‘yicha mijozga (xaridorga) realizatsiya qilinadigan tovarlarga qo‘yiladigan ustama.
Islomiy moliya faoliyati doirasida ko‘chmas mulklarni moliyaviy ijaraga (islomiy ijaraga) beruvchi banklar va mikromoliyaviy tashkilotlar mol-mulk solig‘i to‘lovchilari deb ataladi.
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oydan so‘ng kuchga kiradi.






