Telegram orqali tarqatilgan virusli ilovalar yordamida yuzlab fuqarolarning bank kartalaridan pul o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Karmana tumanida yashovchi fuqaro turmush o‘rtog‘ining bank kartasidan 22 mln so‘m mablag‘ noma’lum tarzda yechib olinganligi yuzasidan ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. "Xavfsiz va sog‘lom yurt" tadbirlari doirasida olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida jinoyat ortida turgan shaxs aniqlandi.
Aniqlanishicha, 2004-yilda tug‘ilgan, Sirdaryoda yashovchi fuqaro Paynet orqali daromad topish haqida yolg‘on va’dalar berib, turli hududlardan 9 nafar shaxsni yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. U ushbu shaxslarning akkauntlaridan foydalanib, APK virusli ilova orqali fuqarolarning telefonlariga zararli dastur yuborgan va bank kartalaridagi mablag‘larni yechib olgan.
Tezkor tadbirlar davomida Navoiy viloyati IIB xodimlari tomonidan gumonlanuvchi qo‘lga olinib, u tomonidan sodir etilgan 121 ta kiberjinoyat fosh etildi. Ma’lum bo‘lishicha, u Telegram orqali tarqatilgan virusli ilovalar yordamida jami 201 nafar fuqarodan 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni talon-toroj qilgan.
Qayd etilishicha, jinoyatchi har bir transaktsiyadan 5–7 foiz miqdorida ulush olib, qo‘lga kiritilgan mablag‘larni shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan. Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi "b" bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.






