Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizning Yakkasaroy tumanidagi Milliy madaniy markazlar pavilyoniga tashrif buyurdi.
Mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila bo‘lib yashab kelmoqda, 157 ta milliy-madaniy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu hilma-hillik ko‘p asrlik tarixiy jarayonlar natijasida shakllangan noyob ijtimoiy hodisa sanaladi.
Yurtimizda milliy madaniyatlarni rivojlantirish, millatlararo totuvlikni asrab-avaylash va mustahkamlash, shu orqali yosh avlodni bag‘rikenglik va hamjihatlik ruhida tarbiyalashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida doimiy e‘tibor qaratib kelinmoqda.
Do‘stlik bog‘i hamda Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi binosiga tutash maydonda barpo etilgan, yigirma ikki millatning o‘ziga xos arxitekturasi aks etgan pavilyon ham ushbu e‘tiborning yorqin tasdiqidir.
Bu yerda qozoq, qirg‘iz, turkman va boshqird o‘tovlari, koreys, belarus, ukrain, grek, olmon, dungan, polyak, yahudiy, gruzin, arman, tatar va qrim-tatar, uyg‘ur, turk, tojik, xitoy, rus hamda ozarbayjon xalqlarining ikki qavatdan iborat do‘stlik uylari joylashgan.
Interyerlar o‘sha xalqning milliy an’analariga mos holda bezatilgan. Ekspozitsiyalarda esa milliy liboslar, cholg‘u asboblari, dekorativ-amaliy san’at namunasi, tarixiy maketlar va madaniy merosni aks ettiruvchi ko‘plab eksponatlar o‘rin olgan.
Bugun pavilyonda Navro‘z shukuhi hukm surmoqda, zero, Navro‘z o‘zi bilan birdamlik, yangilanish va yaxshilikka da’vat kabi ezg‘i g‘oyalarni olib keluvchi bayramdir.
Davlatimiz rahbari har bir milliy maskan faoliyati bilan tanishdi. Ishtirokchilar bilan samimiy mulozot qildi.
Uchrashuvlar chog‘ida milliy-madaniy markazlarning umumxalq bayramlarini yuqsaq ruhda o‘tkazishdagi hissasi alohida e‘tirof etildi. Yuqsaq vatanparvarligi, fidoyi mehnati bilan respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini oshirishga qo‘shayotgan hissasi uchun turli millatga mansub yurtdoshlarimizga minnatdorlik bildirildi.
Prezidentimiz pavilyon mehmonlari uchun uchun tashkil etilgan badiiy dasturni tomosha qildi. Milliy madaniy markazlar vakillari bilan birgalikda suratga tushdi.






