O‘tgan yili yurtimizda aqida ilmining asoschisi Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlangan munosabati bilan Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoni hududida majmua qayta ta’mirlanib, obodonlashtirish ishlari boshlangan edi.
Hozirda umumiy maydoni 26 gektar bo‘lgan hududda majmua qayta qurilmogda. Bu yerda 250 o‘rinli masjid, kirish peshtoqi, ilmiy markaz, kutubxona, muzey va avtoturargoh barpo etilmogda. Shuningdek, qurilish jarayonida Chokardiza qabristonida buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy dafn etilgan joy aniqlandi, unda maqbara qurilmogda.
Prezident bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirib, majmua dunyo musulmonlari uchun muhim ziyorat maskani ekanini ta’kidladi va zamon talablariga mos sharot yaratish zarurligini qayd etdi.
“Majmuaga kelgan kishi avvalo Imom Moturidiy bobomizning ilmiy-ma’naviy merosi va islom olamida tutgan mavqei haqida yorqin tasavvurga ega bo‘lishi, allomaning ma’rifatparvar qarashlari bugun ham dolzarbligini his qilishi kerak”, dedi Prezident.
Shuningdek, qurilishni sifatli va o‘z vaqtida bajarish, hududda yashil maydonlarni ko‘paytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.






