Prezident ta'kidlashicha, ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi murosasiz muhit yaratish davlat uchun strategik vazifa hisoblanadi. Shu maqsadda tegishli farmon imzolanib, bunday holatlarga qarshi qat'iy tizim asosida kurash olib borilishi belgilandi.
Shuningdek, turli sabablarga ko‘ra jinoyat sodir etib, jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan ayollarni jamiyatga qaytarish masalasiga ham alohida e‘tibor qaratildi. Qayd etilishicha, mahkum ayollarning aksariyati o‘rta ma’lumotli bo‘lib, kasb-hunariga ega emas.
Shu bois ular bilan manzilli ishlashni nazarda tutuvchi “Yangi hayot” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. Dastur doirasida mahkum ayollar 3–6 oy davomida kasbga o‘qitilib, sertifikat oladi.
Bundan tashqari, jazoni ijro etish muassasalarining o‘zida imtihon topshirib, oliy ta’lim muassasalariga kirish va masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi. Kontrakt asosida o‘qishga qabul qilinganlarga esa jazoni o‘tab, ishga joylashgach qaytarish sharti bilan foizsiz ssuda ajratilishi rejalashtirilgan.






