Avvalroq, Karmana tumani hokimi o‘qituvchilarni hokimiyatda 1 soat tik holatda turg‘izib qo‘yib, majlis qilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu holat ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgach, Rasul Kusherbaev ushbu holatga o‘z munosabatini bildirdi.
“Xalqimizda ustoz otangdek ulug‘ degan ibora bor. Karmana tumani hokimi kuni-kecha otasidek ulug‘ insonlarni, ya’ni o‘qituvchilarni maktabdan avtobusga tiqib, hokimlikka olib borib, bir soat ustozlarni tik holatda majlisda qatnashishga majbur qiladi. Go‘yoki bu ta’lim sifatini oshiramish. Hokim janoblari nima uchun bunday qilgan? Chunki u kishi maktabga borsa, o‘sha yerda o‘qiydigan maktab o‘quvchilari unga she’r aytib berolmagan. Bu hokim janoblarining she’r eshitgisi kelgan, o‘zini madh etadigan she’rlarni aytib berolmaganligi uchun shu yo‘l bilan o‘qituvchilarni jazolagan.
Bu hokim prezidentning joylardagi vakili. Mana prezidentning vakilining ahvolini ko‘ryapsizmi? Bu kadrlar tizimining qanchalik oqsoqligini ko‘rsatadi. Chuqur inqirozga tushganini ko‘rsatadi. Mana shunaqa farosatdan qisganlar ham kelib qolyapti lavozimlarga.
Hokim o‘zi aslida maktabga borib, maktabning holati qandayligini, partalar yetarlimi-yo‘qmi, elektro‘chmayaptimi, maktabga keladigan yo‘llar yaxshimi, maktabga olib keladigan ko‘priklar yaroqli holatdami mana shularni so‘rashi kerak.
Siz avval otangizni, onangizni hokimiyatning majlisiga olib keling-da 1 soat ularni majlisda tik oyoqda turg‘izib qo‘ying. Eshitsin sizni. Ravo ko‘rasizmi shuni ota-onangizga? Ota-onangizga ravo ko‘rsangiz keyin o‘qituvchiga shunday qiling!
Bir vaqtlar o‘qituvchilarni xor qilib, paxtaga ham olib chiqdik, ajiriq terishga ham olib chiqdik, yo‘l tozalashga ham olib chiqdik. O‘sha paytda ta’limdan uzilib qoldik va mana buning natijasi. O‘sha paytdagi avlod hozir yetib chiqib lavozimda o‘tiribdi”, – deydi Kusherbaev.
Eslatib o‘tamiz, Rasul Kusherbaev avvalroq, Toshkent shahar hokimi haqida ham o‘zining tanqidiy fikrlarini bildirgan edi.






