Moskva viloyatidagi Crocus City Hall’da terror hujumini amalga oshirishda ayblangan Tojikistonning to‘rt nafar fuqarosi umrbod qamaldi. Bu haqda sud hukmiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
Dalerjon Mirzoyev, Saidakrami Rachabalizoda, Shamsidin Fariduni va Muhammadsabir Fayzov sud tomonidan terrorchilik faoliyatini amalga oshirish maqsadida tayyorgarlikdan o‘tish, qurol-yarog‘ning noqonuniy muomalasi, terrorchi tashkilot faoliyatida ishtirok etish va terrorchilik hujumini sodir etishda aybdor deb topildi.
Ular jazoning bir qismini qamoqda, bir qismini esa maxsus tartibli koloniyada o‘tashi kerak bo‘ladi. Bundan tashqari, sud ularning har biriga 990 000 rubl miqdorida jarima tayinladi. Sud tergovning to‘rt kishi ham “Islom davlati Xuroson viloyati” guruhi a’zolari bo‘lgan degan xulosasiga qo‘shilgan.
Ish bo‘yicha yana 11 kishi umrbod qamoq jazosiga, ayblanuvchilarga avtomobil va kvartira bergan Isroil, Dilarom va Aminchon Islomovlar 19 yilu 11 oyga, ijrochilarga oq Reno Logan sotgan Alisher Qosimov esa 22 yilu 10 oyga qamaldi.
Crocus City Hall’dagi terror hujumi 2024 yil 22 mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Bir necha qurollangan kishi kontsert zali binosiga bostirib kirib, olomonni otib tashlagan, keyin esa binoni yoqib yuborgan. Terror hujumi oqibatida 149 kishi halok bo‘ldi, bir kishi bedarak yo‘qoldi, 609 kishi tan jarohati oldi.
Hujumni sodir etishda Tojikistonning to‘rt nafar fuqarosi ayblangan, ular aybiga iqror bo‘lgan. Mazkur holatdan keyin Rossiyada migrantlarga nisbatan reydlar kuchaygandi.






